Avstraliyada 38 yoshli erkak akulaga yem bo‘ldi
Olam
−
16 may 4009 2 daqiqa
Bugun, 16 may kuni G‘arbiy Avstraliyaning Pert shahri yaqinidagi mashhur dayving va baliq ovlash hududida 38 yoshli erkak oq akula hujumi oqibatida vafot etdi. Bu haqda shahar politsiyasi mamlakatning ABC News telekanaliga ma’lum qildi.
G‘arbiy Avstraliya politsiyasi bayonotiga ko‘ra, hodisa mahalliy vaqt bilan soat 10:00 ga yaqin Rottnest oroli yaqinida, Pert shahri g‘arbida sodir bo‘lgan. 38 yoshli jabrlanuvchi qayiq orqali Jopdi Bey ko‘prigi hududiga olib borilgan va u yerda shifokorlar hamda politsiya xodimlari tomonidan birinchi yordam ko‘rsatilgan. Biroq u voqea joyida vafot etgan.
“Primary Industries and Regional Development” departamenti AFP agentligiga akula uzunligi to‘rt metr (13 fut) ekanini va uning katta oq akula ekanini tasdiqlagan.
Ma’lumotlarga qaraganda, shunga o‘xshash hodisa G‘arbiy Avstraliyada o‘tgan yil mart oyida kuzatilgan. O‘shanda bir erkak Wharton Beach sohilida syorfing bilan shug‘ullunuyotganida akula hujumiga uchrab vafot etgan. Yil boshida esa mamlakatning sharqiy sohillari bo‘ylab yuz bergan bir qator hujumlar sabab Yangi Janubiy Uelsdagi bir nechta plyajlar yopilgan.
Avstraliya Sog‘liq va ijtimoiy ta’minot instituti ma’lumotiga ko‘ra, akula hujumlarining aksariyati mamlakatning sharqiy va janubi-sharqiy sohillarida sodir bo‘ladi va har yili o‘rtacha 20 ta shunday hodisa qayd etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Maldiv orolida sayohatga kelgan ispaniyalik Borha ismli sayyoh akula hujumiga uchragan edi.
Live
Barchasi