Ukraina parad paytida Qizil maydonga hujum qilmaydi

Olam

image

Ukraina Qurolli kuchlari 9 may kuni hujum qilish mumkin bo‘lgan nishonlar ro‘yxatidan Moskvadagi Qizil maydonni chiqarib tashladi. Bu haqda Ukraina hukumatidagi manbasiga tayanib, RBK-Ukraina xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Ukraina qolgan barcha Rossiya hududlariga nisbatan reja asosida harakat qiladi, ya’ni Rossiya tomoni o‘q uzmasa, Ukraina ham o‘q uzmaydi, Rossiya raketa uchirmasa, Ukraina ham zarba bermaydi.

“Biz oynadek javob qaytaramiz. Ular otmasa, biz ham otmaymiz. Ular raketa uchirmasa, biz ham uchirmaymiz”, degan nashr suhbatdoshi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Kiyev parad vaqtida “tinchlik rejimi”ga rozi bo‘lganining asosiy sababi Rossiya asirligidagi ming nafar ukrainalik harbiyni qaytarish hisoblanadi.

Zelenskiyning mazkur farmoni 8 may kuni kechqurun Ukraina Prezidenti saytida e’lon qilingan. Hujjatda “2026 yil 8 may kuni Amerika tomoni bilan muzokaralarda muhokama qilingan gumanitar iltimoslarni inobatga olgan holda, 2026 yil 9 may kuni Moskva shahrida parad o‘tkazishga ruxsat beriladi”, deyilgan.

Shuningdek, farmonga muvofiq, Kiyev vaqti bilan 9 may soat 10:00 dan boshlab parad yakunlangunga qadar Qizil maydon Ukraina armiyasi zarbalari uchun taqiqlangan hudud deb belgilangan.

Bundan avval Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH Prezidenti Donald Trampga 9 may munosabati bilan o‘t ochishni to‘xtatish taklifini bildirgan, Rossiya Mudofaa vazirligi esa 8–9 may kunlari bir tomonlama o‘t ochishni to‘xtatish rejimi joriy etilishini ma’lum qilgan edi.

Kiyev esa o‘z navbatida 6 maydan boshlab alohida “tinchlik rejimi”ni taklif qildi, ammo Ukraina tomoniga ko‘ra, Rossiya hujumlarni davom ettirgan. Shundan so‘ng Zelenskiy Putinni faqat parad xavfsizligi qiziqtirayotganini aytgan va yaqin vaqt ichida javob qaytarilishini ma’lum qilgan. U, shuningdek, xorijiy delegatsiyalarni 9 may kuni Moskvaga bormaslikka chaqirgan.

8 may kechqurun Donald Tramp Rossiya va Ukraina 9, 10 va 11 may kunlari uch kunlik o‘t ochishni to‘xtatish hamda har ikki tomondan ming nafardan asir almashish bo‘yicha kelishuvga erishganini bildirgan. Keyinroq bu ma’lumotni Putin yordamchisi Yuriy Ushakov tasdiqlagan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 8 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Moskva shahriga jo‘nab ketgandi. Tashrif dasturiga muvofiq, davlat rahbari Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 81 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Qizil maydon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing