Ukraina Timatini qidiruvga berdi
Olam
−
08 Sentabr 9772 2 daqiqa
Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) rossiyalik dunyoga mashhur ijrochi, reper Timatini (Temur Yunusov) qidiruvga berdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Nashrning yozishicha, reperning ma’lumotlari joriy yilning 1 iyul kunidan boshlab Ukraina davlat organlari bazasiga kiritilgan.
SBU iyun oyida masofadan turib Timatiga nisbatan Ukraina Jinoyat kodeksining 332-1-moddasi 2-qismi (Ukraina mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga tajovuz hamda kirish tartibini buzish) bo‘yicha ayblov qo‘ygan.
Shuningdek, Timati “Mirotvorets” portali bazasiga ham kiritilgan. “Mirotvorets” – Ukrainada 2014 yilda yaratilgan bo‘lib, unda siyosatchilar, jurnalistlar, aktyorlar, musiqachilar va boshqa shaxslarning shaxsiy ma’lumotlari joylashtiriladi. Ushbu portalda, odatda, Qrim yoki Donbassga tashrif buyurgan yoki “Ukraina milliy xavfsizligiga qarshi jinoyatlarga aloqador” deb hisoblangan shaxslar bo‘ladi.
Iyun oyida SBU Rossiya xalq artisti Nikolay Baskovga ham qidiruv e’lon qilgan edi. U ham Ukraina hududiy yaxlitligi va daxlsizligiga tajovuz qilishda ayblanmoqda.
Ma’lumot uchun, Timati 1983 yil 15 avgustda Moskvada tug‘ilgan. U “Black Star” brendiga asos solib, musiqa, moda va restoran biznesini rivojlantirgan, biroq 2020 yilda loyihadan chiqqan. Timati Rossiyada hukumatni qo‘llab-quvvatlagani bilan ham ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq rossiyalik bloger Guseyn Gasanovga nisbatan jinoyat yo‘li bilan olingan daromadlarni legallashtirish ishi bo‘yicha hibsga olish qarori chiqarilib, qidiruv e’lon qilingandi.
Live
Barchasi