Ukrainada qullikda saqlangan 13 o‘zbekistonlik topildi (video)

3-sahifa

image

Ukrainaning Kiyev viloyatida og‘ir sharoitda majburiy mehnatga jalb qilinib, saqlanayotgan 13 nafar O‘zbekiston fuqarosi aniqlandi. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar berdi. 

Qayd etilishicha, Xitoy Xalq Respublikasining ikki nafar fuqarosi, bir nafar o‘zbekistonlik va bir nafar ukrainalik ayol qo‘lga olingan. Ular 13 nafar O‘zbekiston fuqarosini majburiy mehnatga jalb qilish maqsadida Ukrainaga olib kelishni tashkil etishda gumon qilinmoqda (Ukraina Jinoyat kodeksining 149-moddasi 2-qismi).

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar majburlash va aldov yo‘li bilan ijtimoiy jihatdan himoyasiz, uy-joyi va ishi bo‘lmagan, og‘ir moddiy ahvoldagi shaxslarni jalb qilgan. Jabrlanuvchilar Ukrainadan tashqarida topilib, keyinchalik foyda olish maqsadida Kiyev viloyatiga majburiy mehnat uchun olib borilgan.

Tutqunlarni nazorat qilish uchun zo‘ravonlik va erkinlikni cheklash usullaridan foydalanilgan. Odamlarni kamsitish darajasi shu qadar kuchli bo‘lganki, hattoki hojatxonaga borishga ham qat’iy jadval bo‘yicha ruxsat etilgan. Eng kichik qoidabuzarlik ham jazolangan.

Joriy yilning 17 sentyabr kuni huquqni muhofaza qilish organlari gumonlanuvchilarning yashash joylari va xo‘jalik ob’ektlarida tintuv o‘tkazgan. Tekshiruv davomida 13 nafar O‘zbekiston fuqarosi og‘ir va g‘ayriinsoniy sharoitlarda saqlangan xonalar, hujjatlar, pul mablag‘lari va transport vositalari aniqlangan.

To‘rt nafar qo‘lga olingan shaxsga nisbatan og‘ir jinoyat sodir etganlik bo‘yicha ayblov e’lon qilingan va ularga nisbatan ehtiyot chorasi qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining Rossiyaning Qozon shahridagi xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash muassasasida 45 kun davomida saqlanib kelinayotgani aytilgan video tarqalgandi. Biroq keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, fuqaroga nisbatan Qozon shahrida emas, balki Saratov viloyatining Ozinsk tumanida Rossiya Federatsiyasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 18.8-moddasi 1.1-qismi (mamlakatda qolish rejimini buzish) bo‘yicha huquqbuzarlik sodir etgani uchun ma’muriy choralar qo‘llanilgan va Rossiya hududidan majburiy chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

qullik majburiy mehnat Tutqun

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing