Majburiy mehnatga qat’iy pozitsiyamiz orqali barham berdik – Mirziyoyev

Jamiyat

image

O‘zbekistonda bolalar mehnati va majburiy mehnatga to‘liq barham berish uzoq yillar biz uchun eng og‘riqli masala bo‘lib kelgan edi. Faqat kuchli iroda, qat’iy pozitsiya orqali bu murakkab muammo ijobiy hal qilindi. Bu haqda bugun, 16 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuvda ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning bolalar mehnati va majburi mehnatga barham berish bo‘yicha ilg‘or tajribasi Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan namuna sifatida boshqa davlatlarga tavsiya etilgan.

O‘zbek paxtasi dunyodagi ko‘plab nufuzli brend kompaniyalarning “qora ro‘yxati”dan chiqarilgan. “Cotton campaign” tashkiloti O‘zbekistonga qo‘yilgan taqiqni butunlay bekor qilgan.

O‘zbekiston sanoqli davlatlar qatorida Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Adolatli o‘tish jarayonlari uchun ish o‘rinlari yaratish va ijtimoiy himoya bo‘yicha global akselerator” tashabbusida ishtirok etmoqda, Xalqaro mehnat tashkilotining “Ijtimoiy adolat bo‘yicha global koalitsiyasi”da qatnashmoqda, mamlakat o‘tgan yili ushbu tashkilotning Ma’muriy Kengashi a’zoligiga saylandi.

“Hech shubhasiz, biz erishayotgan natijalarda 8 millionga yaqin a’zoga ega, eng xalqchil va katta nodavlat tashkiloti bo‘lgan kasaba uyushmalarining munosib hissasi bor.

Biz O‘zbekistonda kasaba uyushmalarining erkin va mustaqil faoliyat yuritishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berdik va mana shu prinsiplarga hamisha sodiqmiz. Bundan buyon ham kasaba uyushmalariga birlashish huquqini ta’minlash, ularning faoliyatiga aralashmaslik bo‘yicha siyosatni qat’iy davom ettiramiz”, dedi Prezident.

Ma’lumki, O‘zbekistonda paxta terimiga majburlov, ayniqsa, o‘qituvchi va o‘quvchilar, oliy ta’lim muassasasidagi ustozlardan tortib – talabalargacha, shifokorlar, qo‘yingki, ijtimoiy soha xodimlarining paxta dalasiga olib chiqilishi uzoq bo‘lmagan va bugun ayrim hududlarda takrorlanayotgan tarix. Aynan shu hodisalar sabab O‘zbekiston paxtasi 13 yil davomida jahon bozorida boykotga uchradi. 32 ta normativ-huquqiy hujjat, 2021 yilda qabul qilingan 4 ta qonun, 2 ta Prezident farmoni va 4 ta qaror, 6 ta Hukumati qarori ortidan paxta terimiga majburlovga chek qo‘yildi va o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykot olib tashlangandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston majburiy mehnat bolalar mehnati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing