Ukrainada saylov o‘tkazish uchun pul yo‘q – Podalyak
Olam
−
27 dekabr 2025 2890 2 daqiqa
Ukraina davlat byudjeti taqchilligi sababli saylovlarni mustaqil moliyalashtira olmaydi. Bu haqda Prezident ofisi maslahatchisi Mixail Podolyak jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi.
“Aytgancha, bu bizga taxminan qancha turishini bilamizmi? O‘ylaymanki, buni aynan Markaziy saylov komissiyasi va parlamentdagi ishchi komissiya hisoblab chiqishi kerak. Chunki buni moliyalashtirish bizning vazifamiz emas. Ob’ektiv ravishda biz bunga kuchimiz yetmaydi, chunki byudjetimiz taqchil”, degan Podolyak.
Uning ta’kidlashicha, hozir byudjetning ustuvor yo‘nalishlari boshqacha: bir tomondan harbiylashtirish, ikkinchi tomondan esa iqtisodiyotdagi yo‘qotishlarni aholining alohida xonadonlari darajasida qoplashga qaratilgan ijtimoiy dasturlar.
Suhbat davomida jurnalist chet elda bo‘lib turgan 6–8 million nafar ukrainaliklarning saylovlarda ishtiroki masalasini ham ko‘targan. Podolyak bu jarayonni tashkil etish bilan maxsus ishchi guruh shug‘ullanishi kerakligini aytgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, saylovlarning aniq qiymatini parlamentdagi ishchi komissiya hisoblab chiqishi lozim.
Ukraina Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari Sergey Dubovikning ma’lum qilishicha, 2019 yildagi prezidentlik saylovlari davlat byudjetiga qariyb 2 milliard grivnaga tushgan. Ammo hozirgi sharoit va inflyatsiyani inobatga olganda, birinchi tur 4–5 milliard grivna (94,8–118 million dollar), ikkinchi tur esa 6,5–7 milliard grivna (154–166 million dollar)ga tushishi mumkin. Uning aytishicha, agar barcha uch turdagi saylovlar hisobga olinsa, umumiy xarajatlar qariyb 20 milliard grivnani (472 million dollar) tashkil etadi.
Ukrainada prezidentlik saylovlari 2024 yil mart oyida bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq mamlakatda joriy etilgan harbiy holat sababli noma’lum muddatga qoldirilgan. Zelenskiy mamlakat texnik jihatdan saylovlarga tayyorligini, ammo ular faqat o‘t ochishni to‘xtatish yoki real xavfsizlik kafolatlari bo‘lgandagina o‘tkazilishi mumkinligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday sharoitda saylov jarayonini 60–90 kun ichida tashkil etish mumkin.
Yaqinda Zelenskiy AQSH bilan muhokama qilinayotgan 20 banddan iborat tinchlik rejasining mazmunini ham ochiqladi. Undagi bandlardan biri Ukrainada kelishuv imzolangach, saylovlarni imkon qadar tezroq o‘tkazishni nazarda tutadi.
Live
Barchasi