Ukrainadagi Ozarbayjon elchixonasiga qastdan hujum qilingan – Aliyev (video)
Olam
−
15 fevral 3760 2 daqiqa
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Ukrainadagi Ozarbayjon elchixonasi va energetika infratuzilmasiga Rossiya tomonidan qastdan hujum qilinganini aytdi. Bu haqda u Myunxendagi Xavfsizlik Konferensiyasi doirasidagi panel muhokamasida ma’lum qildi.Uning aytishicha, Ukrainada nafaqat Ozarbayjonning energetika infratuzilmasiga, balki mamlakatning Ukrainadagi elchixonasiga ham uch marta hujum uyushtirilgan.
“Birinchi hujumdan so‘ng, biz buni tasodif deb o‘ylagan edik. Shundan so‘ng biz rossiyalik hamkasblarimizga Ozarbayjon diplomatik vakolatxonalarining barcha koordinatalarini, jumladan, konsullik bo‘limi, madaniyat markazimiz va elchixonamiz joylashgan manzillarni taqdim etdik. Shunga qaramay, yana ikkita hujum sodir bo‘ldi. Demak, bu Ozarbayjon diplomatik vakolatxonasiga qasddan qilingan hujum edi”, dedi Aliyev.
Ozarbayjon Prezidentining qayd etishicha, Rossiyaning Ukrainadagi Ozarbayjon energetika infratuzilmasi va diplomatik missiyalariga hujumlari masalasi Tashqi ishlar vazirliklari va Prezident administratsiyalari darajasidagi ko‘plab muloqotlarda bir necha bor ko‘tarilgan.
“Biz maxsus bayonotlar berdik, shuningdek, elchi chaqirtirilib, unga diplomatik nota topshirildi. Biz faqat diplomatik yo‘l bilan harakat qilamiz. Boshqa hech narsa qila olmaymiz... Ozarbayjon hukumati tomonidan barcha zarur diplomatik choralar ko‘rildi”, deya ta’kidladi u.
Prezident Rossiyaning bunday xatti-harakatlari Ozarbayjonga nisbatan nodo‘stona munosabat sifatida baholanishini urg‘uladi.
Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev AQSHning Donald Trampdan avvalgi ikki ma’muriyati – Obama-Bayden hamda Bayden-Blinken davrida Baku va Vashington o‘rtasidagi munosabatlar kutilgan darajada bo‘lmaganini aytgandi.
Live
Barchasi