Ukrainadagi urushdan qochishga uringan o‘zbekistonlik Rossiyada qamaldi
Olam
−
21 yanvar 4776 2 daqiqa
Ukrainadagi urushdan qochishga uringan O‘zbekiston fuqarosiga Rossiyada 7 yil 9 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Uning ishi Novosibirsk garnizon harbiy sudida ko‘rib chiqilgan. Bu haqda “Mediazona” xabar berdi.
Ish hujjatlariga ko‘ra, mazkur o‘zbekistonlik erkak avvalroq, 2023 yil aprel oyida Rossiyaning Chelyabinsk viloyatida giyohvand moddalar savdosiga urinishda aybdor deb topilib, 11 yil 8 oyga qattiq tartibli koloniyada jazoga hukm qilingan. U qamoqda bo‘lgan vaqtida Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzib, Ukrainadagi jangovar harakatlar hududiga yuborilgan. Shartnoma shartlariga ko‘ra, urushdan qaytgach, u ozod etilishi lozim bo‘lgan, biroq janglar vaqtida yaralangan.
Shundan so‘ng o‘zbekistonlik erkak Novosibirskdagi harbiy shifoxonaga yotqizilgan. Davolanish yakunlangach, 2025 yil 23 may kuni kechqurun u Novosibirsk viloyati va Qozog‘iston chegarasi yaqinidagi o‘rmon hududiga borib, o‘zining yo‘lboshchisini kutgan. Ammo yo‘lboshchi kelmagan. Oradan bir kun o‘tib ushbu erkak Federal xavfsizlik xizmati chegara xizmati xodimlari tomonidan hibsga olingan.
2025 yil sentyabr oyida harbiy sud uni davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga uringanlikda aybdor deb topib, 6 oy qamoq jazosini tayinlagan. Biroq avvalgi sud hukmi bo‘yicha o‘talmagan jazo muddatini inobatga olib, yakunda 7 yil 9 oy muddatga qattiq tartibli koloniyada jazo o‘tash belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya tomonidan urushda qatnashgan o‘zbekistonlik erkakka nisbatan 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangani haqida xabar berilgandi.
Live
BarchasiSuriyada KIP qo‘mondoni o‘ldirib ketildi
21 yanvar