Umraga borib, O‘zbekistonga qaytolmayotganlar bo‘yicha izoh berildi

3-sahifa

image

Avvalroq, Umraga borgan 170 dan ortiq o‘zbekistonlik ortga qayta olmayotgani haqida xabar berilgan edi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasining Jidda shahridagi Bosh konsulxonasiga Saudiya Arabistoni Podshohligining Madina shahrida qolib ketgan O‘zbekiston fuqarolari murojaat qilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fuqarolar Umra xizmatlarini tashkil etish va o‘tkazish vakolatiga ega bo‘lmagan shaxslar xizmatidan foydalangan holda xususiy tartibda safarga jo‘nab ketgani aniqlangan. Shu sababli ayrim tashkiliy va moliyaviy muammolar yuzaga kelgan hamda fuqarolarning belgilangan muddatda O‘zbekistonga qaytishi kechikmoqda.

Shuningdek, to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagani sababli mehmonxona ma’muriyati tomonidan fuqarolarni chiqarish masalasi ko‘tarilgan. Ayni paytda fuqarolar mehmonxonalarda joylashgan bo‘lib, ularning holati doimiy nazoratga olingan.

O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan vaziyat joyiga chiqib o‘rganilmoqda va fuqarolarni ortga qaytarish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda.

“Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ziyoratchilarimizni Umra amallarini munosib va xavfsiz bajarishlari uchun ogoh bo‘lishlari va keyinchalik turli ko‘ngilsiz holatlarga tushib qolmasliklari maqsadida ishonchli va kafolatlangan litsenziyaga ega tadbirkorlik sub’ektlari xizmatlardan foydalanishlarini tavsiya etadi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha faoliyat uchun litsenziya olish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar miqdorlari BHMning 200 baravari (82,4 mln so‘m) etib belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatining Jondor tumanida odamlarni Umra safariga jo‘natmoqchi bo‘lgan firibgar er-xotin ushlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

o'zbekistonlik Umra Din ishlari bo'yicha qo'mita

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing