O‘rta Chirchiqdagi portlash bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

3-sahifa

image

Avvalroq, Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidagi xonadonda portlash sodir bo‘lgani va oqibatda bir oilaning 4 a’zosi vafot etgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur hodisa ortidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tegishli idoralar xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi. Bu haqda QALAMPIR.UZ so‘roviga javoban Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Uning bildirishicha, portlash 17 aprelga o‘tar kechasi tungi soat 01:40 larda yong‘in xavfsizligi qoidalari buzulishi oqibatida sodir bo‘lgan. Oqibatda ushbu xonadonda yashovchi 29 yoshli Z.M. (ota) hamda farzandlari – 6 yoshli o‘g‘li U.A, qizlari – 3 yoshli D.A. hamda 2 yoshli A.A. voqea joyida halok bo‘lgan. 

Bundan tashqari, ushbu uyda yashovchi bolalarning onasi – 26 yoshli G.M. va 54 yoshli buvisi B.M. yong‘indan qochish maqsadida xonadon derazasidan tashqariga chiqqan. Ular turli tan jarohatlari bilan Nurafshon shahar tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. 

Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlarini olib borish uchun Toshkent viloyati IIBB huzuridagi tergov boshqarmasiga yuborilgan.

Qolaversa, holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi, Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi O‘rta Chirchiq tuman bo‘limi va “Hududgaz Toshkent” gaz ta’minoti filiali O‘rtachirchiq tuman bo‘limi xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuratura portlash O'rta Chirchiq jinoyat ishi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing