Urush keskinlashdi: AQSH Eronga yangi zarbalar berdi (video)

Olam

image

AQSH Markaziy qo‘mondonligi Prezident Donald Tramp ko‘rsatmasiga binoan Erondagi bir nechta nishonlarga qarshi “o‘zini himoya qilish maqsadida qo‘shimcha zarbalar” berila boshlanganini ma’lum qildi.

Harbiylar bayonotida ushbu hujumlar Eronning “asossiz va davom etayotgan tajovuzi”ga javob ekani ta’kidlangan.

AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset Markaziy qo‘mondonlik shu kecha faol harakat olib borishini aytgan.

“Prezident Tramp Eronga kuchli zarba berishimizni aytdi va biz buni amalga oshiramiz”, degan Hegset.

Uning ta’kidlashicha, Eron hali ham muzokaralar yo‘lini tanlashi yoki mojaroning yanada keskinlashishiga sabab bo‘lishi mumkin.

10 iyun kuni “Mehr” agentligi Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi mamlakatning Jam shahri ustida AQSHning MQ-9 Reaper uchuvchisiz qurilmasini urib tushirganini xabar qilgan.

Shu kuni kechqurun Tramp muzokaralarda sezilarli siljish bo‘lmayotgani va AQSHning Apache jangovar vertolyoti yo‘q qilingani ortidan Eronga qarshi bombardimonlarni qayta boshlash niyatida ekanini bildirgan. Vertolyot 8 iyun kuni Ummon sohillari yaqinida halokatga uchragan, uning ikki uchuvchisi qutqarib qolingan.

Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon mamlakat “qat’iy turishini” ma’lum qilib, AQSH tahdidlarini qoralagan.

“Axios” nashri manbalariga ko‘ra, Tramp milliy xavfsizlik bo‘yicha amaldorlar bilan yig‘ilish o‘tkazgan. Muhokama qilinayotgan variantlardan biri — Eronga qarshi ko‘lami katta, ammo qisqa muddatli harbiy operatsiya boshlashdir. Uning asosiy maqsadi Tehronni muzokaralardagi pozitsiyasini o‘zgartirishga majbur qilishdan iborat.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Eron yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralarni cho‘zib yuborganini aytib, Tehron “badal to‘lashiga to‘g‘ri kelishi”ni bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Donal'd Tramp Pit Hegset

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing