USAID’ning tonnalab oziq-ovqat yordami omborlarda qolib ketdi
Olam
−
04 avgust 4166 3 daqiqa
AQSH Davlat departamenti muammoni hal qilishga va’da berganiga qaramay, Amerika gumanitar yordami zaxiralari katta miqdorda omborlarda qolib ketgan. Hozirda AQSH va dunyo bo‘ylab omborlarda 60 ming tonnadan ortiq oziq-ovqat mahsulotlari yig‘ilib qolgan, ayrimlari esa allaqachon yaroqsiz holga kelgan. Bu haqda “The Washington Post” xabar berdi.
AQSHning Jorjiya shtatidagi Mana Nutrition omborida yuzlab qutilarga qadoqlangan oziq-ovqat yordami oylar davomida saqlanib, Sudan kabi ocharchilikka duchor hududlarga yetkazilishidan oldin yaroqlilik muddati o‘tib ketgan. Aynan shu omborda qiymati 50 million dollarga teng yeryong‘oqli pastadan iborat zaxira oylar davomida jo‘natilmay qolib ketgan.
Ma’lumot uchun, Mana Nutrition butun dunyo bo‘ylab bolalar o‘rtasida to‘yib ovqatlanmaslikka qarshi kurashishda qo‘llaniladigan davolovchi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Kompaniya har oy Jorjiya fermerlaridan 900 ming kilogrammdan ortiq yeryong‘oqlarni xarid qilib, Fitzjerald shahridagi zavodda har kuni 227 ming kilogrammgacha mahsulot ishlab chiqaradi. Bu yiliga 10 million bolani oziqlantirish imkonini beradi.
“Bu ulkan ortiqcha zaxira. Barchasi shartnoma asosida ishlab chiqarilgan, xarid qilingan va to‘langan. Faqat hech kim olib ketmayapti. Oqibatda Mana yordam mahsulotlarining bir qismini yo‘q qilishga qaror qilgan”, deydi kompaniya operatsion direktori Devid Todd Harmon.
Ushbu vaziyat USAID (AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi)ning tugatilishi bilan bog‘liq. Donald Tramp ma’muriyati tomonidan tanqid ostiga olingan agentlik joriy yilning 1 iyul kuni yopilgandi. Oqibatda yordam dasturlarining 80 foizdan ortig‘i bekor qilindi va deyarli barcha xodimlar ishdan bo‘shatildi.
“Reuters”ning joriy yilning may oyidagi xabariga ko‘ra, 3,5 million kishini bir oy davomida oziqlantirishga yetadigan oziq-ovqat zaxiralari dunyo bo‘ylab omborlarda chirib qolmoqda. Ulardan ba’zilarining yaroqlilik muddati iyulda tugagan va yoqib yuborilgan yoki hayvonlarga yem sifatida ishlatilmoqda.
USAID boshqaruvidagi omborlarda Amerika fermerlari va ishlab chiqaruvchilaridan olingan 60-66 ming tonna oziq-ovqat mahsulotlari saqlanmoqda. Jibuti, Janubiy Afrika, Dubay va Xyustondagi omborlarda qiymati 98 million dollardan ortiq mahsulot – yuqori kaloriyali pechene, o‘simlik yog‘i va boyitilgan don mahsulotlari bor. Bu zaxiralar uch oy davomida 1 milliondan ortiq odamni yoki G‘azo sektorining butun aholisini 1,5 oy davomida oziqlantirishga yetadi.
“The Atlantic” nashri xabariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Afg‘oniston va Pokistondagi bolalar uchun mo‘ljallangan 500 tonna yuqori kaloriyali pecheneni yoqib yuborishga qaror qilgan. Bu pechene 1,5 million bolani bir hafta davomida oziqlantirishga yetardi. Jo Bayden prezidentlik davrining oxirlarida USAID tomonidan bu mahsulotlar uchun 800 ming dollar sarflangan. U Dubaydagi omborda saqlangan va bu yil BMTning Jahon oziq-ovqat dasturiga topshirilishi kerak edi.
“Bu mahsulotlar amerikalik soliq to‘lovchilarning pullari evaziga odamlarning hayotini saqlab qolish uchun xarid qilingan, omborlarda chirishi yoki yoqilishi uchun emas”, deydi Senatning tashqi aloqalar bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi, demokrat senator Jinn Sheyxin.
Live
Barchasi