O‘zbek o‘zbekning boshini “yedi”. Jasadning tanasi bo‘lib tashlangan!

Tahlil

Turkiyada o‘zbekistonlik ayolning boshsiz jasadi chiqindi konteyneridan topildi. Uning  boshi esa boshqa ko‘chaga, chamadonga solib tashlab ketilgan. Mazkur jinoyatni sodir etishda o‘zbekistonlik fuqarolar gumonlanib qo‘lga olindi. O‘zbekistonlik muhojir ayolning vahshiylarcha o‘ldirilishi ortidan Turkiyada minglab ayollar norozilik namoyishiga chiqdi.  Yaqin daqiqalar ichida ushbu mudhish jinoyat tafsilotlari haqida Qalampir.uz batafsil ma’lumot beradi.

Vahshiy qotillik

Joriy yilning 24 yanvar kuni kechasi Istanbulning Shishli tumani Duatepe mahallasida dahshatli voqea sodir bo‘ldi. Mahalliy vaqt bilan soat taxminan 19:40 larda hududda chiqindi yig‘ish va qog‘oz terish bilan shug‘ullanib yuradigan Okan ismli shaxs Kuyulubog‘ ko‘chasi, 25-uy oldidagi axlat konteynerini kovlar ekan, choyshab va paketlarga o‘ralgan jasadni payqab qolgan. U holat haqida politsiyaga xabar bergan.

Okanning aytishicha, u konteynerni kovlayotgan vaqtida qora paketni ko‘rgan, uni yirtganida qon va inson jasadiga ko‘zi tushgan hamda jasad hali issiq ekanini sezgan. Shundan so‘ng Feriko‘y politsiya bo‘limiga borib holatni ma’lum qilgan. Voqea joyiga kelgan xodimlar atrofni o‘rab olib, keng qamrovli tergov ishlarini olib borgan. Tekshiruv davomida jasad ayol kishiga tegishli ekani aniqlangan. Biroq uning boshi va kesilgan oyoqlari topilmagan.

Yana bir guvohning so‘zlariga ko‘ra, jasadning qolgan bo‘laklari chamadonga solinib,  bir necha ko‘cha naridagi Bozkurt ko‘chasidagi axlatxonalardan birida tashlab ketilgan. Kuzatuv kameralari tekshirilganda, gumonlanuvchilarning jasadni chamadon ichida olib kelib tashlagan lahzalari aks etgan.

Jamoat xavfsizligi bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida barmoq izi orqali ayolning shaxsi aniqlangan. U O‘zbekiston fuqarosi 37 yoshli  Durdona Hakimova ekani ma’lum bo‘lgan.

Istanbul politsiyasi Istanbul aeroportida Gruziyaga qochmoqchi bo‘lgan paytda ikki nafar qotillikda gumonlanuvchi shaxsni qo‘lga olgan.  Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, qotillikni marhuma bilan yaqin munosabatda bo‘lgani aytilgan O‘zbekiston fuqarosi, qurilish ishchisi sodir etgan. Unga yana bir qurilish ishchisi yordam bergan.

“Durdona Hakimova bilan voqea kuni tanishganmiz, oramizda munosabat boshlangan. Janjallashib qoldik va men uni pichoq bilan o‘ldirdim. Keyin do‘stim bilan birga jasadni bo‘laklarga ajratdik. Jasad qismlarini alohida paketlab, chamadon ichiga joyladik. So‘ng tijorat taksisi bilan Shishli tumaniga keldik va jasad hamda uning qismlarini turli axlat konteynerlariga tashlab yubordik”, deydi u.

Shuningdek, gumonlanuvchilar foydalangan taksini boshqargan shaxs ham qo‘lga olingan. Shu tariqa ish bo‘yicha hibsga olinganlar soni 3 nafarga yetgan.

Voqea tafsilotlari va tergov jarayonlarini o‘rganish maqsadida, Turkiyada bo‘lib turgan Qalampir.uz tahririyati rahbari Qamariddin Shayxov O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsuli Sherzod Abdunazarov bilan bog‘landi.

Muhojir ayollar yolg‘iz emas!

O‘zbekistonlik muhojir ayolning vahshiylarcha o‘ldirilishi ortidan Turkiya ko‘chalarida ayollar norozilik namoyishiga chiqdi. Xususan, 26 yanvar kuni namoyishlar  Istanbulda mahalliy vaqt bilan soat 16:00 da Osmanbey metro bekati yaqinida, Anqarada esa Yuksel ko‘chasi Inson huquqlari haykali oldida boshlangan. Ayollar jasad topilgan Kuyulubog‘ ko‘chasiga yurish qilib, erkaklar zo‘ravonligiga qarshi “Muhojir ayollar yolg‘iz emas” deya shiorlar aytgan. Ayollar  qo‘llarida “Erkaklar zo‘ravonligini to‘xtating”  “Xavfsiz va erkin hayot istaymiz”, “Ayollar qotilligi — siyosiy masala”, “Shishlida bir yilda 3 ayol qotilligi”, “Muhojir ayollar yolg‘iz emas” va “O‘ldirilgan ayollarning hisobini so‘raymiz” degan yozuvli plakatlarni ko‘tarib olgan. 

“Kecha Istanbulning qoq markazi – Shishlida ayol do‘stimizning jonsiz tanasi chiqindi konteyneridan topildi. Uning tanasi bo‘laklarga bo‘lingan edi.
Durdonaning o‘limiga hokimiyat mas’ul. Agar ayollarning, hatto Istanbul markazida ham yashash huquqi tortib olinayotgan bo‘lsa, bu shu hokimiyatning natijasidir. Jinoyatchi ko‘rsatmasida Durdona bilan voqea sodir bo‘lgan kun tanishgani, munosabatlari bo‘lganini, janjallashib qolib, keyin o‘ldirganini aytmoqda. Buni aytish qanchalik oson, shunday emasmi? Ammo bir ayol o‘ldirildi. Bu ko‘rsatma boshidan oxirigacha jazoni yengillashtirishga qaratilgan. Durdona muhojir edi. Balki ishlash uchun kelgandir, orzulari bor edi, yangi hayot qurmoqchi edi. Bu orzular uning qo‘lidan tortib olindi. 2025 yilda 294 ayol o‘ldirildi. Ularning barchasi bugun oramizda bo‘lishi mumkin edi”, deya mahalliy ayollar aksiya davomida bayonot bergan.

Bundan tashqari  “Ayollar qotilligini to‘xtatamiz” platformasi bayonotida, bu voqea jazosizlik siyosati, ayollar qotilligiga ko‘z yumilishining va adliya tizimi ishlamayotganining oqibatidir. Jinoyatchilar jazolanmasligiga shunchalik ishonishadiki, shaharning qoq markazida, hammaga ko‘rinib turgan chiqindi konteyneriga o‘ldirilgan ayolning jasadini tashlay olishyapti”, deb yozilgan.

Vahshiy qotillikka, hatto 2025 yil 23 martdan beri qamoqda bo‘lgan  Shishli tumani hokimi Rasul Emrah Shahan ham Silivri qamoqxonasidan  turib munosabat bildirgan.  U ayollar qotilligi jazosizlik va beparvolik sabab “qirg‘in”ga aylanayotganini ta’kidlagan.

“Kecha Shishlida 36 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Durdona Hakimovaning vahshiylarcha o‘ldirilgani haqidagi xabar bugun Silivrida menga yetib keldi. Ayollar qotilligi jazosizlik, beparvolik va sukut tufayli tobora kuchayib borayotgan qirg‘inga aylanmoqda. Bu muammoni mahalladan boshlab huquq-tartibot, ijtimoiy xizmatlar, munitsipalitet va markaziy idoralar hamkorlikda hal qilish kerak. Devorga qarab o‘ylayman: ayollarni, qiz bolalarni, Durdonalarni, Shirinlarni qanday himoya qilamiz? Bu jinoyatning ochilishi va aybdorlarning eng og‘ir jazoga tortilishi ortidan boraman. Shishli, Istanbul va butun mamlakat ko‘chalari ayollar uchun xavfsiz bo‘lmaguncha, bizga tinch uyqu yo‘q”, degan u.

Durdona Hakimova Turkiyada shafqatsizlarcha o‘ldirilgan ilk o‘zbekistonlik ayol emas. Bundan avval ham bir nechta  ojiza deya ta’riflanuvchilar Turkiyada ta’qibga uchragan, yana eng achinarlisi o‘z vatandoshlari tomonidan o‘ldirib ketilgandi.

Xususan, 2025 yil 17 avgustda o‘zbekistonlik ayol o‘z eri tomonidan vahshiylarcha o‘ldirilgan. Voqea Ihlamurkuyu mahallasi Aytashi ko‘chasida yuz bergan. Ma’lumotlarga ko‘ra, er xotinini rashk qilib, u bilan janjallashgan. Tortishuv vaqtida 35 yoshli er ayolni tomog‘idan vahshiylarcha kesib tashlagan. Ayol olgan tan-jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan. O‘z juftini o‘ldirgach, erkak voqea joyidan qochib ketgan. Istanbul politsiyasi tomonidan olib borilgan izlash ishlari davomida u 18 avgust kuni ertalab Umraniyeda qo‘lga olingan. Tergov jarayonlarida erkak jinoyatni sodir etganini tan olgan.

Yana bir holat, 2025 yilning sentyabr oyida Turkiyaning o‘zbekistonliklar eng ko‘p istiqomat qiladigan megapolislaridan biri Istanbulning Fotih tumanida sodir bo‘lgan. Unda 36 yashar Zulayho  bo‘g‘zidan pichoqlanib, vahshiylik qurboni bo‘lgan edi.

Zulayhoning do‘stlari u bilan bir necha kun davomida bog‘lana olmagach, uy egasi va ayolning dugonasi undan xabar olish maqsadida xonadonga kelgan. Ayol Oqsaroy mahallasidagi ijara uyida qonga belangan holda topilgan.

Shundan so‘ng zudlik bilan politsiyaga xabar berilgan. Voqea joyiga tergov guruhi va tez tibbiy yordam yetib kelganda shifokorlar ayol allaqachon vafot etganini aniqlagan. Bosh konsulxona ma’lumotlariga ko‘ra, ayolning asl ismi aslida boshqacha bo‘lgan. U bir necha yil avval Turkiyada bo‘lish qoidalarini buzgani uchun deportatsiya qilingan va unga mamlakatga kirish taqiqlab qo‘yilgan. Ammo ayol keyinchalik ism-familiyasini o‘zgartirgan holda Turkiyaga borgan. Biroq uning qotili haligacha topilmagan.

Bu qotilliklar O‘zbekistonda ham keng muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Fikrlar esa turlicha. Garchi qotil va qurbonlar aniq bo‘lsa-da, bir tomon aniq oqlikda, boshqasi esa qoralikda  ta’riflanmayapti. Turkiyada mehnat muhojirligi maqomini olgan ayollarning ko‘pchiligi bir tamg‘adan qo‘rqadi. Chunki tez-tez turk OAVlarida nopok yo‘llar bilan pul ishlayotgan o‘zbek ayollari qo‘lga olingani haqida xabarlar chiqadi. Buning natijasida boshqa halol mehnat qilayotganlarga ham shubhali nigohlar tashlanadi. Va aynan shuning uchun o‘lim holatlari bilan bog‘liq vaziyatlarda katta ehtimol bilan shu fikr ilgari suriladi. Asl vaziyatni bilmasdan, yetarli dalillarga ega bo‘lmasdan gapirish hamisha oson. Shu sabab Qalampir.uz jamoasi ayniqsa, inson o‘limi bilan bog‘liq vaziyatlarda fikr bildirishda ehtiyot bo‘lishingizni so‘raydi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul O'zbek o'zbekistonlik ayol Durdona Hakimova mudhish jinoyat Shishli Vahshiy qotillik Jamoat xavfsizligi Gruziyaga Zulayho

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing