Turkiyada uch kun ichida to‘rt o‘zbekistonlik halok bo‘ldi
3-sahifa
−
13 iyun 3709 2 daqiqa
Joriy yilning so‘nggi uch kuni ichida Turkiyada vafot etgan to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarolarining jasadlari mamlakatga qaytariladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Qayd etish joiz, 11 iyun kuni Istanbuldagi Shimoliy Marmara avtomagistralida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida o‘zbekistonlik 31 yoshli A.H., uning turkiyalik turmush o‘rtog‘i va 2 oylik farzandi halok bo‘lgandi.
Hodisa Chekmeko‘y mavzesidagi Shimoliy Marmara avtoyo‘lida soat 06:00 atrofida yuz began. Sabiha Go‘kchen aeroportidan qaytayotgan Sodiq Gunden (29 yosh) boshqaruvidagi yengil mashina xuddi shu yo‘nalishda harakatlanayotgan yuk mashinasining orqasidan borib urilgan. To‘qnashuv oqibatida yengil mashina yuk mashinasining tagiga kirib ketgan. Haydovchi Sodiq Gunden, uning o‘zbekistonlik rafiqasi Aziza Hatamova Gunden (31 yosh) va ularning 2 oylik chaqalog‘i Timur Xon Gunden mashina ichida qisilib qolgan. Ular voqea joyiga yetib borgan o‘t o‘chiruvchilar tomonidan chiqarib olingan. Biroq oilaning uch a’zosi ham hodisa joyida hayotdan ko‘z yumgan.
Kecha, 12 iyun kuni Tuzla tumanida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi ortidan 23 yoshli O‘zbekiston fuqarosi N.M. olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida vafot etgan.
Shuningdek, 13 iyun kuni uzoq vaqt onkologik kasallik bilan kurashib kelgan yana bir 58 yoshli ayol Istanbuldagi shifoxonalardan birida vafot etgan.
“O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya bildiradi. Konsulxona tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda jasadlarni vatanga yuborish va boshqa zarur masalalar yuzasidan tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 iyun kuni Istanbul shahrining Fotih tumani Laleli mavzesidagi tramvay bekatida yuz bergan baxtsiz hodisa oqibatida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan 6 yoshli bola vafot etgandi.
Live
Barchasi