O‘zbekiston Bangladeshga yangi elchi tayinladi
Jamiyat
−
27 noyabr 1726 2 daqiqa
O‘zbekistonning Bangladesh Xalq Respublikasidagi elchisi (qarorgohi Dehli shahrida) Sardor Rustamboyev ushbu mamlakat Prezidenti Muhammad Shahobuddinga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.
Qayd etilishicha, tantanali marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingan.
Muhammad Shahobuddin O‘zbekistonni Bangladeshning Markaziy Osiyodagi asosiy mintaqaviy sherigi va ishonchli do‘sti deb atagan. So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida hayotning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan jadal islohotlar va izchil tashabbuslar tufayli O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va imiji yuksalib borayotganini alohida ta’kidlagan.
Shuningdek, uchrashuvda Bangladesh hukumatining mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratayotgani bildirilgan.
To‘qimachilik, farmatsevtika va charm sanoati kabi sohalarda sheriklik uchun salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etilgan. Bangladesh tomoni ushbu yo‘nalishlarda tajriba almashish va yangi loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Muloqot chog‘ida madaniy-gumanitar, xususan, turizm va oliy ta’lim sohalaridagi sheriklikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992 yil 15 oktyabrda o‘rnatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gretsiyaning Afina shahrida O‘zbekistonning Gretsiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Abat Fayzullayev Gretsiya davlat rahbari Konstantinos Tasulasga ishonch yorliqlarini topshirgandi.
Live
Barchasi