O‘zbekiston diplomatlari Rossiya elchisi bilan migrantlar masalasini muhokama qildi
Jamiyat
−
27 yanvar 6360 2 daqiqa
Kecha, 26 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Aleksey Yerxov bilan uchrashuv o‘tkazdi va Rossiya hududida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir dolzarb masalalarni muhokama qildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov ma’lum qildi.
Joriy yilning 15 yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan o‘tkazayotgan videoselektor yig‘ilishida xorijiy mamlakatlarda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan o‘zbekistonliklarga nisbatan bo‘layotgan g‘ayriinsoniy harakatlar, reyd tadbirlariga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi nari borsa nota berish bilan kifoyalanayotganini aytib, tanqid qilgan edi.
Mazkur tanqiddan so‘ng bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida O‘zbekiston diplomatlari Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir dolzarb masalalarni batafsil muhokama qilgan.
Xususan, muhokamalarda O‘zbekiston tomonidan Rossiya Federatsiyasi hududlarida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston Respublikasi bosh konsullari ishtirok etgan. Bu esa joylardagi amaliy ish tajribasini inobatga olgan holda ko‘tarilgan masalalarni aniq va atroflicha ko‘rib chiqish imkonini bergan. Rossiya tomonidan esa diplomatik vakolatxonaning konsullik bo‘limi rahbariyati, migratsiya masalalari bo‘yicha mas’ul xodimlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari qatnashgan.
O‘zbekiston tomoni migratsiya tekshiruvlari va reyd tadbirlari o‘tkazilayotgan jarayonda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining – ham qonunga rioya qilayotgan, ham migratsiya qonunini buzgan fuqarolarning – huquqlari va insoniy qadr-qimmatini kamsitishning har qanday shakliga yo‘l qo‘yilmasligi prinsipial ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidlagan.
Uchrashuv tomonlarning migratsiya jarayonlarini tartibga solish, shuningdek Rossiya Federatsiyasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining qonuniy mehnat faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan pragmatik va o‘zaro hurmatga asoslangan muloqotni rivojlantirishga intilishini tasdiqlagan.
Shuningdek, tomonlar amaliy hamkorlikni doimiy ravishda takomillashtirish va hamkorlikni mustahkamlash maqsadida muntazam konsullik maslahatlashuvlari hamda ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish zarurligini ta’kidlagan.
Live
Barchasi