O‘zbekiston futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi

Sport

image

O‘zbekiston va Ozarbayjon 2027 yilgi FIFA U-20 Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 2 oktyabr kuni FIFA Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilishda kun tartibidan o‘rin olgan muhim masalalar qatorida 2027 yilgi 20 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionati mezbonlari aniqlangan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston va Ozarbayjon birgalikda yoshlar o‘rtasidagi mundialga mezbonlik qilishi belgilandi. Mazkur musobaqa FIFA tomonidan o‘tkaziladigan milliy terma jamoalar o‘rtasidagi Jahon chempionatidan keyingi ikkinchi nufuzli musobaqa hisoblanadi. 

“So‘nggi yillarda mamlakatimiz ko‘plab yirik xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilib, katta tajriba orttirdi. Xususan, 2024 yilda yurtimizda o‘tkazilgan FIFA Futzal Jahon chempionati yuqori saviyada tashkil etilgani xalqaro futbol hamjamiyati tomonidan alohida e’tirof etildi. Mazkur musobaqalar, shuningdek, o‘zbekistonlik mutaxassislarining xalqaro miqyosdagi yirik turnirlarni o‘tkazish bo‘yicha yetarlicha tajriba va salohiyat to‘plashiga imkoniyat yaratdi. 2027 yilga kelib dunyoning eng iqtidorli yosh futbolchilari FIFA U-20 Jahon chempionatida ishtirok etish uchun O‘zbekiston va Ozarbayjonda to‘planishadi. Yurtimiz, har doimgidek, o‘zining mehmondo‘stligi, professional yondashuvi, futbolga fidoyiligi va albatta futbolsevar muxlislarining mehri bilan butun dunyo e’tiborini qozonishga tayyor.”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Ozarbayjon 2027 yilgi U-20 Jahon chempionatini birgalikda o‘tkazish bo‘yicha FIFA'ga ariza yuborgani haqida xabar berilgandi.

Jahongir Inomjonov 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

O'zbekiston futbol Jahon chempionati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing