O‘zbekiston Isroilda o‘z savdo bozorini kengaytirmoqda – OAV
Olam
−
31 iyul 30848 2 daqiqa
O‘zbekiston ayni paytda Isroil bilan iqtisodiy hamkorlikni jadal rivojlantirmoqda. Ushbu hamkorlik, jumladan, Turkiya tomonidan joriy etilgan iqtisodiy boykot tufayli zarar ko‘rgan yo‘nalishlardagi bo‘shliqlarni to‘ldirishni ham o‘z ichiga oladi. Bu haqda “Ynet” nashri xabar bermoqda.
Nashrga ko‘ra, gap asosan mis importi haqida bormoqda. Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistondan Isroilga mis importi deyarli ikki baravarga oshib, 7 million dollarni tashkil etgan. Taqqoslash uchun o‘tgan butun yil davomida bu ko‘rsatkich 8 million dollar bo‘lgan. Prognozlarga ko‘ra, yil oxirigacha bu hajm rekord daraja – 20 million dollarga yetishi mumkin.
Isroilning tashqi savdo risklarini sug‘urtalovchi davlat kompaniyasi Ashra'ning marketing bo‘yicha menejeri Aleks Averbux o‘zbekistonlik hamkorlarining harakatlarini “qutqaruvchilik” deb atagan.
“Yillar davomida Isroilda Turkiya maqbul narxlar va qulay logistika tufayli yagona mumkin bo‘lgan yetkazib beruvchi sifatida qaralardi. Hech kim bu tizim bir kechada qulab tushadi, deb o‘ylamagan. O‘zbekistonning tezda muqobil taklif qila olgani va logistika yo‘lga qo‘yilgani – bu juda ijobiy holat”, deydi u.
Isroil Ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi prezidenti Ron Tomer esa “Ynet”ga bergan izohida “O‘zbekiston va uning Markaziy Osiyodagi qo‘shnilari Isroil uchun tabiiy savdo hamkorlariga aylanayot”ganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakatlar “resurslarga boy, hamkorlikka ochiq, innovatsiyalar va texnologiyalarni orzu qiluvchi davlatlar” sifatida Isroil uchun muhim sheriklarga aylanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning aprel oyida Turkiya Sanoat va savdo vazirligi G‘azo sektorida harbiy harakatlar to‘xtatilib, anklav aholisining gumanitar yordamdan foydalanishini ta’minlagunga qadar Isroilga 54 toifadagi tovarlar eksportiga cheklovlar joriy qilgandi.
Live
Barchasi