O‘zbekiston xalq artisti Gulnora Mavayeva vafot etdi
Jamiyat
−
26 iyul 17899 2 daqiqa
O‘zbekiston xalq artisti, balerina, raqqosa, ustoz va murabbiy Gulnora Mavayeva 94 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar berdi.
Mavayeva ko‘p yillar davomida balerina sifatida Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri sahnasida klassik baletlardagi yorqin rollari bilan tomoshabinlarni xushnud etib kelgan.
Gulnora Mavayeva O‘zbekiston xalq artisti Ma’mura Ergasheva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Feruza Sagdullayeva, Gulnora Nizamova, Jamila Osmanova va boshqa ko‘plab iste’dodli shogirdlarni tarbiyalagan.
Uning shogirdlari bugungi kunda O‘zbekiston, Kanada, Rossiya, Isroil, Amerika, Germaniya kabi davlatlarda yashab ijod qilmoqda.
Ma’lumot uchun, Mamayeva 1931 yil 30 iyun kuni Toshkentda tug‘ilgan. 1941 yil Tamara Xonim nomidagi balet maktabini bitirgan. 1948 yil Navoiy nomidagi teatr studiyasi qoshidagi balet maktabini, 1951 yil Moskva xoreografiya bilim yurtining o‘zbek balet studiyasini (M.A. Koxudova sinfida), 1971 yil Leningrad xoreografiya bilim yurtining pedagogika bo‘limini tamomlagan. 1945-1949 hamda 1951-1957 yillar oralig‘ida Gulnora Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri solisti bo‘lgan.
Gulnora Mavayeva o‘zbek milliy raqslarini yoqimli va maftunkor ijro etuvchi iqtidorli raqqosa sifatida “Katta raqslar”, “Shoyi”, “Farg‘ona usuli”, “Shaddod qiz”, “Maftun etdi”, “Raqsga tushaversin”, “Ey, sarvi ravon”, “Orazbon lezginkasi” va boshqa raqslari bilan tamoshabinlarni o‘ziga rom eta olgan.
1971 yildan Gulnora Mavayeva Toshkent xoreografiya bilim yurtida o‘zining pedagogik faoliyatini boshlaydi, so‘ngra 1974 yildan Toshkent madaniyat institutida dars berib, Ma’mura Ergasheva kabi iqtidorli raqqosaga saboq bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afsonaviy “To‘ylar muborak” filmi rejissyori Eduard Xachaturov 89 yoshida olamdan o‘tgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi