O‘zbekiston Xitoydan mandarin va ananas importini taqiqladi
Jamiyat
−
08:20 2076 1 daqiqa
Xitoydan O‘zbekistonga import qilinayotgan mandarin va ananas mevalarini olib kirishda o‘simliklar karantini ob’ektlari muntazam ravishda aniqlanayotgani sababli vaqtinchalik taqiq o‘rnatildi. Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Xitoydan import bo‘lgan mandarin va ananas partiyalaridan tegishli tartibda olingan namunalar Markaziy fitosanitariya laboratoriyasida eskpertizadan o‘tkazilgan. Tahlil natijalariga ko‘ra, namunalarda “Sitrus oq-qanoti” (Dialeurodes citri Ashmead), Sharq sitrus qalqondori (Unaspis yanonensis Kuwana), “Ananas unsimon qurti” (Dysmicoccus brevipes Cockerell) kabi karantin osti zararkunandalari aniqlangan. Mazkur turdagi zararli organizmlar 20 ga yaqin yukda topilgani ma’lum bo‘lgan.
Zararlangan mahsulotlar to‘g‘risida Xitoy davlatining o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha milliy tashkiloti ogohlantirilib, ma’lumotlar va tegishli hujjatlar taqdim etilgan.
Taqiq o‘rnatilgan davrda Xitoy davlatidan olib kelinishi rejalashtirilayotgan mandarin va ananas mevalariga karantin ruxsatnomasini rasmiylashtirish vaqtincha to‘xtatilgan.
“Mazkur chora potensial xavf tug‘diruvchi o‘simliklar karantini ob’ektlarini O‘zbekiston hududiga kirib kelishi va tarqalishini oldini olish maqsadida taqiq sabablari bartaraf etilgunga qadar vaqtincha joriy etilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda uchinchi mamlakatlardan hamda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlaridan tuxum olib kirishga vaqtincha taqiq joriy qilingandi.
Live
Barchasi