O‘zbekiston “Tinchlik kengashi”ning ta’sischilaridan biriga aylandi

Jamiyat

image

Bugun, 22 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shveysariyaning Davos shahrida “Tinchlik kengashi” nizomini imzolash marosimida ishtirok etdi va bu orqali O‘zbekiston uni ta’sis etgan davlatlardan biriga aylandi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp raisligida o‘tgan tadbirda Argentina, Armaniston, Bahrayn, Bolgariya, Indoneziya, Iordaniya, Marokash, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon, Paragvay, Pokiston, Qatar, Qozog‘iston, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Vengriya va boshqa davlatlar rahbarlari, Bosh vazirlari va Tashqi ishlar vazirlari ham qatnashgan.

“Tinchlik kengashining tashkil etilishi O‘zbekiston tashqi siyosatining tinchlikni ta’minlash borasidagi tashabbuslari va ko‘p qirrali hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalariga mosdir. Yangi tuzilma BMTning Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi bilan qo‘llab-quvvatlangan G‘azo sektoridagi mojaroni tugatish bo‘yicha kompleks rejani amalga oshirish doirasida shakllantirilmoqda”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, “Tinchlik kengashi” mojaroning keskinlashuv xavfini kamaytirish, G‘azo sektorida iqtisodiy va ijtimoiy tiklanish uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan. Bu farovon iqtisodiyot va tinch-osoyishta hayotga ega Yangi G‘azoni barpo etish, istiqbolda Falastin davlatini tuzish imkoniyatini vujudga keltirmoqda.

Kengash tarkibidan jahonning turli mamlakatlaridan nufuzli va ta’sirga ega yetakchilar o‘rin olgan. Kengash nizomini imzolab, O‘zbekiston uni ta’sis etgan davlatlardan biriga aylandi.

“Bu mamlakatimizning kengash faoliyatida izchil ishtirok etishga hamda barcha ta’sischi davlatlar va xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlikda uning vakolatlarini hayotga tatbiq etishda amaliy hissa qo‘shishga tayyorligini anglatadi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp o‘z tashabbusi bilan tuzilgan “Tinchlik kengashi” nizomini imzolagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Tinchlik kengashi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing