O‘zbekiston un eksporti bo‘yicha Qozog‘istondan o‘zib ketdi
Jamiyat
−
17:36 2714 2 daqiqa
2025 yilda O‘zbekiston Qozog‘iston donidan ishlab chiqarilgan un eksportini keskin oshirdi va dunyoda un eksport qiluvchi mamlakatlar orasida ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. Bu haqda “Qozog‘iston donni qayta ishlovchilar ittifoqi” ta’sischilar kengashi raisi Yevgeniy Gan ma’lum qildi.
Bildirilishicha, don va uni qayta ishlash mahsulotlari eksporti 40,4 foizga oshgan. Qozog‘iston esa asta-sekin xomashyo eksport qiluvchi davlat darajasiga tushib qolmoqda.
“Hozirning o‘zidayoq aytish mumkinki, 2025 yilda O‘zbekiston Qozog‘iston donidan ishlab chiqarilgan bug‘doy uni eksportini keskin oshirdi. Jahon reytingida yetakchi o‘rinlarga (ikkinchi o‘ringa) chiqib, Qozog‘istonni ortda qoldirdi. Bu esa bizni tashvishga solmay qo‘ymaydi”, degan u.
O‘zbekiston 2024 yilgi reytingda Turkiya, Germaniya, Qozog‘iston va Misrdan so‘ng 321 mln AQSH dollarilik 1 116 150 tonna un eksportini qayd etib, beshinchi o‘rinni egallagan edi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda Qozog‘istondan bug‘doy eksporti 9 million tonnagacha oshgan, shundan 5 million tonnasi O‘zbekistonga yetkazib berilgan. Bu esa o‘tgan yilga nisbatan qariyb 50 foizga ko‘p. Shu bilan birga, Qozog‘istoning un eksporti hajmi taxminan 1,9 million tonna darajasida qolmoqda. Asosiy bozorlar bo‘lgan Afg‘oniston, O‘zbekiston va Tojikistonda yetkazib berish hajmlari, hatto kamaygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda 2025 yil uchun bojxona statistikasi e’lon qilingandi. Unda 1 kg go‘sht O‘zbekistonga o‘rtacha 3 dollar atrofida sotilgani keltirilgan. Bu raqamlar yuzasidan Qozog‘iston Savdo va integratsiya vaziri o‘rinbosari Janel Kushukova izoh berib, ularni shubhali deb atagandi. U narxlar o‘rtasidagi tafovutga to‘xtalar ekan, bu raqamlar texnik xatolik oqibati bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
E’zoza Olimova
Live
Barchasi