O‘zbekiston va Qirg‘iziston “Chashma” bulog‘idan birga foydalanishga kelishdi

Jamiyat

image

Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolarining yoqalashishiga sabab bo‘lgan “Chashma” bulog‘idan endi ikki tomon ham birgalikda foydalanadi. Bu haqda kecha, 24 aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari – Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev raisligida o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha qo‘shma yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, muzokaralar davomida  O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasi loyiha chizig‘ining chegaraning oxirgi tartibga solinmagan uchastkasidan o‘tishi to‘g‘risidagi  bayonnoma hamda  O‘zbekiston hukumati va Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi o‘rtasidagi “Chashma” bulog‘idan birgalikda foydalanish  to‘g‘risidagi bitim loyihasining asosiy shartlari tasdiqlangan.

Tomonlar “Chashma” bulog‘i ikki mamlakatning umumiy boyligi ekanini alohida ta’kidlagan. O‘zbekiston fuqarolarining ushbu buloqdan erkin va to‘siqsiz foydalanishi, o‘zbek tomoni buloqning uchdan ikki qismidan foydalanishini ta’minlash hamda manbaning suv resurslari hajmi va sifatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan har qanday xatti-harakatlarni o‘zbek tomoni bilan muvofiqlashtirish to‘g‘risida  kelishuvlarga erishilgan.

Shuningdek, tomonlar do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik ruhida ikki mamlakat fuqarolarining “Chashma” bulog‘idan to‘laqonli foydalanishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday chora-tadbirlarga yo‘l qo‘ymaslikka kelishib olgan.

Tomonlar O‘zbekiston qisqa muddat ichida “Chashma” bulog‘idan birgalikda  foydalanish to‘g‘risida bitim hamda O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat chegarasi uchastkasi to‘g‘risida shartnomani muvofiqlashtirish va imzolashga kelishib olgan.

Muzokaralar davomida o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasi orqali ayrim o‘tkazish punktlarning holati va ish tartibi bo‘yicha umumiy pozitsiyalar ham kelishib olingan.

“O‘zbek-qirg‘iz  davlat chegarasi orqali  fuqarolarning qatnovi va yuk tashishlarini sezilarli darajada yengillashtirishga yordam berayotgan o‘tkazish punktlari bo‘yicha umumiy yondashuvni ishlab chiqish yuzasidan o‘tkazilayotgan ikki tomonlama muzokaralarga yuqori baho berildi”, deyiladi xabarda.

Qolaversa, ikki mamlakat fuqarolari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2004 yildagi O‘zbekiston-Qirg‘iziston  davlat chegarasidagi o‘tkazish punktlari to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi bayonnomani imkon qadar tezroq imzolash muhimligi qayd etilgan.

Tomonlar tez orada ikki mamlakat vakolatli organlari vakillaridan iborat ishchi guruhlarining uchrashuvini o‘tkazishga kelishib olgan.

Bildirilishicha, muzokaralar yakuni bo‘yicha tegishli bayonnoma ham imzolangan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 31 may kuni O‘zbekiston Respublikasi So‘x tumani Chashma qishlog‘ining Qirg‘iziston Respublikasi Botken viloyati Qadamjoy tumani Chechme ayili bilan chegaradosh hududida joylashgan “Chashma” bulog‘i bo‘yida Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida buloqdan foydalanish yuzasidan kelib chiqqan nizo oqibatida ommaviy tartibsizliklar ro‘y bergandi.

Ushbu nizoni bartaraf etish maqsadida So‘x tumani Chashma qishlog‘iga yetib borgan mahalliy hokimiyat vakillari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga tartibbuzarlar tomonidan faol qarshilik ko‘rsatilib, ularga turli darajada shikastlar yetkazilgan.

"So‘x voqealari”ga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud muhokamasi ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida olib borilib, ishni ko‘rishda 22 nafar sudlanuvchi, 36 nafar jabrlanuvchi va 21 nafar guvohlar so‘roq qilingan.

Chegara hududidagi to‘qnashuv ortidan O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov So‘x tumaniga borgandi. U Botken viloyatida Qirg‘iziston Bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Kubatbek Boronov bilan uchrashgandi


Maqola muallifi

Teglar

Abdulla Aripov “Chashma” bulog'i

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing