O‘zbekiston va Paragvay birinchi xonimlari uchrashdi
Jamiyat
−
12 dekabr 2527 2 daqiqa
Kecha, 11 dekabr kuni Toshkentda o‘tayotgan oliy darajadagi O‘zbekiston-Paragvay muzokaralari doirasida Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekistonning birinchi xonimi Ziroatxon Mirziyoyeva va Paragvay birinchi xonimi Letitsiya Okampos o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Ochiq va samimiy ruhida o‘tgan muloqotda ikki davlat rahbarlarining rafiqalari mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, madaniy va gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilgan.
Oliy martabali mehmon o‘zbek amaliy san’ati ustalarining ijod namunalari, xalqning milliy an’ana va urf-odatlari bilan tanishgan.
Eslatib o‘tamiz, Paragvay Respublikasi Prezidenti Santyago Penya bugun, 11 dekabr kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgandi. Oliy martabali mehmonni “Toshkent-Humo” xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov va boshqa rasmiylar kutib oldi. Toshkentdagi “Ko‘ksaroy” qarorgohida O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Paragvay Respublikasi Prezidenti Santyago Penyani kutib olish marosimi bo‘ldi. Prezidentlar rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Paragvay Respublikasi Prezidenti Santyago Penya Qo‘shma bayonotni imzoladi. Oliy darajadagi muzokaralar yakunlangach, davlat rahbarlari Ko‘ksaroy qarorgohida daraxt ekdi.
Santyago Penyaning O‘zbekistonga tashrifi 11-13 dekabr kunlariga mo‘ljallangan. Unga safar davomida rafiqasi Letitsiya Okampos hamrohlik qilmoqda. Paragvay yetakchisi, shuningdek, Xalqaro avtomobil federatsiyasi Bosh assambleyasida va federatsiya shafeligida o‘tkaziladigan musobaqalar g‘oliblarini taqdirlash marosimida ishtirok etadi.