O‘zbekiston va Pokiston yetakchilari OAV uchun bayonot berdi

Jamiyat

image

Bugun, 5 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif Islomobod shahrida bo‘lib o‘tgan Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Prezidenti so‘zining avvalida Pokistonga davlat tashrifi bilan kelish taklifi va o‘tkazilgan samarali muzokaralar uchun ushbu mamlakat hukumati rahbariga minnatdorlik bildirgan. 

Jadal rivojlanayotgan Pokiston O‘zbekistonning ishonchli strategik sherigi ekanligi alohida ta’kidlangan. Pokiston Bosh vaziri rahbarligida xalq farovonligini oshirish, iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish va mamlakatning xalqaro mavqeini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar O‘zbekistonni xursand qilayotgani aytilgan.

Shuningdek, ushbu tashrif O‘zbekiston – Pokiston strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilganining besh yilligida o‘tkazilayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.

So‘nggi besh yilda o‘zaro savdo 2,5 baravarga, qo‘shma korxonalar va loyihalar soni esa qariyb 3 baravarga oshgan. Yaqin kelajakda savdo aylanmasini 2 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan. 3,5 milliard dollarlik istiqbolli savdo va investitsiya bitimlarining portfeli shakllantirilgan.

Muzokaralar yakunida Qo‘shma deklaratsiya va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha 30 ga yaqin muhim hujjat imzolangan.

Ertaga Pokistonning yetakchi kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tadi.

Mintaqaviy hamkorlikni izchil rivojlantirish orqali Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini birgalikda mustahkamlashga intilish qat’iy ekani bildirilgan. Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorlik qayd etilgan.

Shavkat Mirziyoyev Pokiston O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini faol qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirgan. Pokistonning 2025-2026 yillarda BMT Xavfsizlik Kengashining muvaqqat a’zosi sifatida tinchlik va xalqaro barqarorlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlariga yuqori baho berilgan.
 
Farmatsevtika, to‘qimachilik, elektrotexnika, tog‘-kon va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Transport va logistika aloqalarini rivojlantirish hamda biznes uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.

Hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida bu yil O‘zbekistonda birinchi Hududlararo forumni o‘tkazishga qaror qilingan.

Bundan tashqari, birgalikda madaniyat haftaliklari va kinofestivallarni tashkil etish hamda buyuk mutafakkirlarning ilmiy-ma’rifiy merosini o‘rganish va ommalashtirish rejalashtirilmoqda.

Islomobod ko‘chalaridan biriga Toshkent nomi berilgani uchun yana bir bor minnatdorlik bildirilgan.

Prezident, o‘z navbatida, Pokiston poytaxtida buyuk davlat arbobi va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi bog‘ni bunyod etish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini e’lon qilgan. Bu Pokiston xalqiga mamlakat mustaqilligi bayrami nishonlanishi arafasida munosib tuhfa bo‘ladi.

O‘zbekiston yetakchisi Pokiston Milliy fan va texnologiyalar universitetining faxriy doktori va professori ilmiy unvonlari berilgani uchun Pokistonga alohida minnatdorlik bildirgan.

Shavkat Mirziyoyev nutqining yakunida barchani bo‘lajak Pokiston kuni bayrami va yaqinlashib kelayotgan muborak Ramazon oyi bilan tabriklagan.

Eslatib o‘tamiz, ayni damda Shavkat Mirziyoyev davlat tashrif bilan Pokiston bo‘lib turibdi. O‘zbekiston yetakchisi tashrif doirasida “Global sanoat va mudofaa yechimlari” kompaniyasining bosh qarorgohiga tashrif buyurib, Mudofaa kuchlari Oliy Bosh qo‘mondoni – Qurolli kuchlarning quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni, feldmarshal Asim Munir bilan uchrashuv o‘tkazdi va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Ishoq Dorni qabul qildi.

Shuningdek, Pokiston Bosh vazirining qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev va Shahboz Sharif tor doirada muzokara hamda oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi va Islomoboddagi ko‘chalardan biriga Toshkent va yangidan barpo etiladigan bog‘ga Zahiriddin Muhammad Bobur nomini berish marosimida qatnashdi. Shu bilan birga, oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va  Shahboz Sharif Qo‘shma deklaratsiyani imzoladi. Shavkat Mirziyoyevga Pokiston Milliy fan va texnologiyalar universitetining faxriy doktori va professori unvolarini berish marosimi bo‘lib o‘tdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Shahboz Sharif Strategik hamkorlik kengashi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing