O‘zbekiston va Turkiya harbiy hamkorlik rejasini imzoladi
Jamiyat
−
19 yanvar 5835 2 daqiqa
Anqarada Turkiya va O‘zbekiston Mudofaa vazirlari Yashar Guler va Shuhrat Xolmuhamedov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turkiya Respublikasi Milliy Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ikki davlat vaziri tomonlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarga rahbarlik qilgan. Uchrashuv yakunida har ikki vazir tomonidan “Turkiya Respublikasi hukumati bilan O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasida harbiy tibbiyot sohasida ta’lim va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim” hamda “Turkiya Respublikasi Milliy mudofaa vazirligi bilan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi o‘rtasida 2026 yilga mo‘ljallangan harbiy hamkorlikni amalga oshirish rejasi” imzolangan.
Bundan tashqari, joriy yilning 20 yanvar kuni Turkiya va O‘zbekiston Anqarada Qo‘shma Strategik Rejalashtirish Guruhining to‘rtinchi yig‘ilishini o‘tkazadi. Unda ikki mamlakatning Tashqi ishlar, Mudofaa va Ichki ishlar vazirlari, shuningdek, razvedka idoralari rahbarlari ishtirok etadi. Uchrashuv iqtisodiy aloqalar, mintaqaviy bog‘liqlik, energetika va mudofaa sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Muzokaralar asosan ikki tomonlama munosabatlarga qaratiladi, chunki Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi siyosiy aloqalar juda yuqori darajada rivojlanmoqda. Savdo, iqtisodiyot, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, turizm, sog‘liqni saqlash va madaniyat sohalarida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha ehtimol choralarini ilgari surishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 5 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslon Bayroqdor boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilib, energetika va geologiya sohalarida, shu jumladan, uchrashuvda zamonaviy texnologiyalarni mahalliylashtirish, energetika uskunalarini ishlab chiqarish, taqsimlash tarmoqlarini boshqarishni takomillashtirish, istiqbolli konlarni birgalikda o‘zlashtirish va soha uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha yangi kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan edi.
Live
Barchasi