O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi EPCA'ni imzolaydi. Bu nimani anglatadi?
Tahlil
−
23 Oktabr 12952 8 daqiqa
So‘nggi yillarda Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi masofalar ijobiy ma’noda qisqarib bormoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston o‘zining faol diplomatiyasi va ochiq iqtisodiy siyosati bilan Yevropa Ittifoqi uchun tobora muhim sherikka aylanmoqda. Yevropa “mintaqa darvozasi” maqomiga ega bo‘lgan O‘zbekistonni “Markaziy Osiyoning yuragi” sifatida ham ko‘rmoqda.
2025 yil bahorida Samarqandda o‘tgan birinchi Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammiti aynan shu yaqinlashuvning ramziga aylandi. Unda Yevropa Ittifoqi Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen va Yevropa Kengashi Prezidenti Antonio Koshta birgalikda qatnashib, 12 milliard yevrolik “Global Gateway” investitsiya dasturini e’lon qildi. Bu nafaqat iqtisodiy bitim, balki Yevropa va Markaziy Osiyoning o‘zaro ishonch va manfaatlarga asoslangan yangi strategik aloqalar davrini boshlab berdi.

Endi esa e’tibor 24 oktyabrda Bryusselda imzolanishi kutilayotgan “Kengaytirilgan Hamkorlik va Sheriklik Bitimi” (EPCA) ga qaratilgan. Mazkur hujjat ikki tomonlama munosabatlarda burilish nuqtasiga aylanishi, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va sivilizatsion bog‘liqlikni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
Iqtisodiy hamkorlikning hozirgi holati
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida so‘nggi yillarda savdo va investitsiya aloqalari sezilarli darajada faollashdi. 2017-2024 yillarda O‘zbekistonning YeI bilan tovar ayirboshlash hajmi 2,4 baravarga oshib, 2024 yilda taxminan 6,4 milliard dollarga yetdi. Import hajmi esa taxminan 4,7 mlrd dollarni tashkil qilib, asosan, Germaniya, Fransiya va boshqa YeI mamlakatlaridan texnika, mashinalar, jihozlar hamda dorivor va boshqa kimyoviy mahsulotlar olib kelingan. 2024 yilda O‘zbekistonning YeI davlatlaridan olgan to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalari va kreditlari hajmi 4,1 mlrd dollarni tashkil etdi – bu 2023 yilga nisbatan 77 foizga ko‘p. Yevropalik tadbirkorlar qo‘shgan kapitallarning asosiy ulushi Germaniya va Niderlandiya kabi davlatlarga to‘g‘ri keladi. Hozirda O‘zbekistonda 900–1000 dan ortiq Yevropa kapitali ishtirokidagi qo‘shma korxonalar faoliyat ko‘rsatib, umumiy investitsiya loyihalari portfeli o‘nlab milliard yevroni tashkil etmoqda. Rasmiy manbalarda ularning hajmi 30-40 mlrd yevro atrofida ekani aytilmoqda.
Bundan tashqari, yangi hamkorlik loyihalari doirasida O‘zbekistonning boy tabiiy resurslarini o‘zlashtirish ham muhim mavzu hisoblanadi. Yevropa Ittifoqi bilan, masalan, 2024 yil 5 aprelda kritik xomashyo bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolangan. Chunki bu minerallar yangilanadigan energiya va raqamli texnologiyalar uchun zarur. O‘z navbatida, O‘zbekiston Yevropa bozorlariga mo‘ljallangan mahsulotlar ko‘lamini kengaytirmoqda.
2021 yilda YeI tomonidan O‘zbekiston GSP+ preferensiya tizimiga qabul qilingani tufayli 6200 dan ziyod tovar turi bo‘yicha bojxona imtiyozlarini qo‘lga kiritdi. Ma’lumot uchun, GSP+ preferensiya tizimi bu – Yevropa Ittifoqining savdo imtiyozlari dasturi bo‘lib, rivojlanayotgan davlatlarga YeI bozoriga tovarlarni bojxona to‘lovlarisiz yoki imtiyozli sharoitlarda eksport qilish imkonini beradi. O‘sha imkoniyatdan foydalanish natijasida O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqiga eksport qiladigan mahsulotlar hajmi oshdi. 2024 yilda YeIga chiqayotgan eksportning asosiy qismi kimyoviy mahsulotlardan iborat bo‘lib, jumladan, uran qazilmalarining katta qismi Yevropa mamlakatlariga yo‘naltirildi. Shu tariqa, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi savdo–iqtisodiy aloqalar jadal o‘sib, tomonlar o‘zaro iqtisodiy integratsiyani kuchaytirish ustida ishlamoqda.
Kengaytirilgan Hamkorlik va Sheriklik Bitimi (EPCA)
Toshkent va Bryussel o‘rtasidagi yaqinlik tezlashayotgan paytda O‘zbekiston–Yevropa Ittifoqi munosabatlarini mustahkamlash borasida navbatdagi katta yangilik – “Enhanced Partnership and Cooperation Agreement” (EPCA) – ya’ni “Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik bitimi” imzolanish arafasida turibdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ertaga, 24 oktyabr kuni Bryusselda bo‘lib o‘tuvchi rasmiy tashrifida ushbu bitimni imzolashi kutilmoqda. EPCA strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtiruvchi hujjat bo‘lib, unda siyosiy muloqot, savdo–iqtisodiyot, xavfsizlik, barqaror rivojlanish va turli sektorlar bo‘yicha hamkorlik kabi besh asosiy yo‘nalish ko‘zda tutilgan. Bitim o‘tgan asrning oxiridagi 1996 yilda imzolangan avvalgi Hamkorlik bitimining o‘rnini bosadi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, EPCA “Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarning tarixiy bosqichi” bo‘lib, mamlakat erishgan katta siyosiy, iqtisodiy va institutsional o‘zgarishlarni aks ettiradi. Bitimning qabul qilinishi bilan ikki tomon o‘zaro ishonch asosida kengaytirilgan savdo rejimini joriy qilishi, sarmoyalar va bozorlar bilan integratsiyani mustahkamlashi kutilmoqda. Yevropa Ittifoqi tarafidan esa EPCA Yevropa ishbilarmonlariga Markaziy Osiyoda o‘sib borayotgan bozor bilan bog‘lanish imkonini berib, o‘zaro savdo va investitsiyalarni yanada oshirishga xizmat qiladi. Masalan, bitim doirasida O‘zbekiston YeI bozoriga kirish imtiyozlari va GSP+ rejimi asosida mavjud sheriklikni yanada qo‘llab-quvvatlash bilan mahsulotlar eksportiga qulaylik yaratadi. Umuman olganda, EPCA imzolanishi o‘zaro munosabatlarni tubdan kengaytirib, siyosiy va iqtisodiy ko‘prikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Global Gateway” dasturi va investitsiyalar
Yevropa Ittifoqi tashqi investitsiya dasturi – “Global Gateway” – O‘zbekistonda ham bir qator loyihalarni moliyalashtirmoqda. 2021-2027 yillardagi hamkorlik doirasida Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston uchun umumiy 119 million yevro grant mablag‘ ajratgan. Bu Global Europe, ya’ni Yevropa Ittifoqining rasmiy moliyaviy dasturi bo‘lib, 2021-2027 yillar oralig‘ida amalga oshiriladi. Mazkur grant YeI tomonidan dunyoning turli mamlakatlari, jumladan O‘zbekiston bilan hamkorlikni moliyalashtirish uchun yaratilgan tashabbusning bir qismi hisoblanadi.
Transport sohasida ham “Global Gateway” investitsiyalari muhim rol o‘ynaydi. Yevropa Ittifoqi–Markaziy Osiyo sammitida joriy yilda transport va logistika infratuzilmasi uchun 10 milliard yevrolik xalqaro investitsiya paketi yo‘naltirilishi ma’lum qilindi. Bu mablag‘larning asosiy qismi Transkaspiy yo‘lagini yaxshilashga ketadi. Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston, Qozog‘iston va boshqa mintaqa davlatlari bilan birgalikda Transkaspiy temiryo‘li va dengiz tashuvlarini mustahkamlash ustida ishlamoqda. Shuningdek, Orol dengizi mintaqasida suv ta’minotini yaxshilash va atom energetikasi xavfsizligini oshirish kabi ekologik loyihalar ham YeI va xalqaro moliya institutlari yordami bilan amalga oshiriladi.

Energetika va ekotashabbuslar sohasida ham hamkorlik kengaymoqda. Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonni toza energiyaga o‘tkazishga intilib, quyosh energiyasi va yashil vodorod loyihalarini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Mamlakatda quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalari Uzoq Sharq davlatlari hamda Yevropa Ittifoqi banklarining investitsiya dasturlari doirasida moliyalashtirilmoqda.
Shuningdek, “European Bank for Reconstruction and Development” (EBRD) va “European Investment Bank” (EIB) kabi yirik xalqaro moliyaviy institutlar O‘zbekistonda avtomobil yo‘llari, temiryo‘llar, suv ta’minoti va qishloq xo‘jaligi sohalarida ham bir qator loyihalar bo‘yicha kreditlar ajratmoqda. Raqamli infratuzilma sohasida esa Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning elektron hukumat (e-hokimiyat), milliy ma’lumot bazalari integratsiyasi, kichik va o‘rta bizneslarni raqamlashtirish kabi loyihalarini moliyaviy va texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlamoqda.
Markaziy Osiyo strategiyasi va O‘zbekistonning roli
O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida Yevropaga o‘ta muhim ko‘prik vazifasini bajaradi. Mintaqaviy munosabatlarda O‘zbekistonning o‘rni beqiyos ekani sammitlar davomida qayta-qayta ta’kidlandi. 2025 yilning aprelida Samarqandda bo‘lib o‘tgan birinchi Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammitida Prezident Mirziyoyev O‘zbekiston nomidan ushbu hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha bir qator tashabbuslar taqdim etdi. Xususan, Yevropa bozorlariga investitsiya oqimini kafolatlash bo‘yicha ko‘p tomonlama investitsiya himoyasi shartnomasi, Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo savdo uyushmasi va mintaqaviy xotin-qizlar tadbirkorlarini qo‘llash dasturi kabi tashabbuslar ilgari surildi. YeI yetakchilari ham O‘zbekistonni “Global Gateway” rejalarida “bizning ittifoqchimiz” deb atadi. Jumladan, Ursula fon der Lyayen Samarqandda: “O‘zbekiston “Global Gateway”da juda muhim o‘rinni egallaydi. Bu bizning uzoq muddatli do‘stligimizning yangi bosqichi”, deb ta’kidladi.

Transport yo‘laklari borasida esa Transkaspiy integratsiyasi asosiy ustuvorliklardan biri bo‘lmoqda. Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikda Transkaspiy yo‘nalishini modernizatsiya qilish ustida ishlayapti. Xususan, bu yo‘lak orqali Yevropa bilan tovarlar almashish hajmini oshirishga yo‘naltirilgan dasturlar ishlab chiqilmoqda. Joriy yilda 10 milliard yevro transport va logistika infratuzilmasiga yo‘naltirilar ekan, O‘zbekiston Transkaspiy orqali G‘arbga, ayniqsa Yevropa bozorlariga chiqishni yanada osonlashtirish uchun choralar ko‘rmoqda.
Afg‘oniston masalasi va mintaqaviy xavfsizlik
Hududiy xavfsizlik va mintaqaviy barqarorlik O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi hamkorligida muhim yo‘nalishdir. Yevropa yetakchilari Afg‘onistonning barqarorligi va xavfsizligini ta’minlashda O‘zbekistonning rolini yuqori baholaydi. Amaliy jihatdan YeI O‘zbekiston bilan migratsiya va chegara boshqaruvi bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirmoqda. Xususan, Yevropa Ittifoqi moliyalashtirayotgan “PROTECT” loyihasi doirasida Toshkentda ilk marta Migrant Resource Centre (MRC) ochildi. Ushbu markaz afg‘onistonlik va boshqa mintaqa migrantlariga qonuniy migratsiya yo‘llari, mehnat migratsiyasining xavfsizlik jihatlari, noqonuniy migratsiya va odam savdosi to‘g‘risida bepul ma’lumot berib boradi.
Shuningdek, The Border Management Programme in Central Asia (BOMCA, Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarish dasturi) orqali Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston hududida amalga oshirilayotgan chegara boshqaruvi, migratsiya va savdo yo‘nalishlarida va boshqa xalqaro tashabbuslar orqali narkotiklar va qurol savdosiga qarshi kurashish, chegarani muhofaza qilishda hamkorlik kengaytirilmoqda.
Bundan tashqari, ko‘plab Yevropa Ittifoqi davlatlari, ayniqsa, Germaniya kabilar Afg‘onistondagi hukumat o‘zgarishidan so‘ng, migratsiya sohasida juda katta qiyinchiliklarga duch kelgan. O‘n minglab afg‘on qochqinlarini qabul qilishga majbur bo‘lgan yevropaliklar oxirgi paytlarda ularni ortga qaytarishda O‘zbekistondan tranzit sifatida foydalanishga urinib kelayotgani haqida xabarlar uchrab turadi. Xususan, 2024 yilda xorij nashlari Germaniya O‘zbekistondan ishchi kuchi jalb qilish evaziga afg‘on qochqinlarini ortga qaytarishda yordam so‘rashi mumkinligi haqida tez-tez maqolalar chop etib turdi. Sobiq kansler Olaf Shols o‘tgan yili sentyabr oyida O‘zbekistonga tashrif buyurganda yuzlab shifokorlarni Germaniyada ish bilan ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishilgandi. Ammo o‘shanda afg‘onistonlik qochqinlarni O‘zbekiston orqali ortga qaytarish masalasi ham o‘rtaga tashlanganmi yoki yo‘q, bu haqida rasmiy ma’lumotlar uchramadi.
Bekzod Polatov