O‘zbekiston Jahon chempionatidan qancha pul ishlab oladi?
Sport
−
12 iyun 6940 1 daqiqa
Joriy yilgi Jahon chempionati ishtirokchilari o‘rtasida jami 871 million dollar mukofot puli taqsimlanadi. Bu haqda FIFA xabar berdi.
2026 yilgi Jahon chempionati nafaqat ishtirokchilar soni va o‘yinlar miqdori bo‘yicha, balki sovrin jamg‘armasi jihatidan ham turnir tarixidagi eng yirik musobaqalardan biri bo‘ladi.
Manbaga ko‘ra, yangi format tufayli hatto guruh bosqichidan o‘ta olmagan jamoalar ham sezilarli mablag‘ga ega bo‘ladi. Mundialda ishtirok etgan har bir terma jamoa kamida 12,5 million dollar mukofot oladi. Bu 2022 yil Qatarda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatiga nisbatan ancha yuqori ko‘rsatkichdir. O‘shanda guruh bosqichida musobaqani tark etgan jamoalar 9 million dollardan ishlab topgan edi.
Musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etgan sari mukofot mablag‘i ham oshib boradi. 1/16 finalga chiqqan jamoalar 14,5 million dollar, 1/8 final ishtirokchilari 18,5 million dollar, chorak finalga chiqqanlar esa 22,5 million dollardan oladi.
To‘rtinchi o‘rinni egallagan terma jamoaga 30,5 million dollar, bronza medallari sohibi bo‘lgan jamoaga esa 32,5 million dollar beriladi.
Finalga chiqqan ikki jamoa eng katta mablag‘lar uchun kurashadi. Finalda mag‘lub bo‘lgan terma jamoa 36,5 million dollar bilan taqdirlansa, Jahon chempionati g‘olibi rekord darajadagi 53,5 million dollar mukofot puliga ega bo‘ladi.
Shu tariqa, 2026 yilgi mundial sport tarixidagi eng daromadli Jahon chempionatlaridan biri sifatida ham yodda qolishi kutilmoqda.
Live
Barchasi