O‘zbekistonda har ming oiladan 175 tasi ajrashadi
Jamiyat
−
28 aprel 2223 1 daqiqa
2025 yil holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda nikoh barqarorligi koeffitsiyenti 175,6 promilleni tashkil etgan. Bu har 1000 ta nikohga o‘rtacha 175 ta ajrim to‘g‘ri kelishini anglatadi. Bu haqda “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur ko‘rsatkich xalqaro miqyosda past bo‘lib, mamlakatda ajrimlar darajasi ko‘plab davlatlarga nisbatan ancha kam ekanini ko‘rsatadi. Jumladan, nikoh barqarorligi koeffitsiyenti Moldovada – 642,7, Ozarbayjonda – 431,9, Qozog‘istonda – 328,2, Qirg‘izistonda esa – 289,6 promilleni tashkil etadi. Bu raqamlar bilan solishtirganda, O‘zbekistonda oila instituti nisbatan barqaror ekani namoyon bo‘ladi.

Hududlar kesimida tahlil qilinganda, Qashqadaryo, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida nikoh barqarorligi yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Aksincha, Toshkent shahri, Sirdaryo va Toshkent viloyatida ajrimlar nisbatan yuqoriroq ekani kuzatiladi.
“Tahlillardan ko‘rinadiki, O‘zbekistonda ajrimlar darajasi xalqaro ko‘rsatkichlarga nisbatan ancha past bo‘lib, bu jamiyatda oilaviy qadriyatlar ustuvor ekanini va nikohlar barqarorligini ko‘rsatadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2025 yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 37 544 ta nikoh bekor qilingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi