O‘zbekistonda futbolchilar daromad solig‘idan ozod etildi
Sport
−
28 mart 3134 2 daqiqa
Joriy yil 1 apreldan boshlab O‘zbekiston Superliga va Pro-ligasida to‘p suradigan futbolchilar 3 yil muddatga daromad solig‘idan ozod qilinadi. Bu haqda “Sport sohasini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va sohaga tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 1 aprelidan boshlab davlat Superliga klublariga bu yil 35 mlrd so‘mdan, 2027 yilda 30 mlrd so‘mdan, 2028 yilda 25 mlrd so‘mdan pul beradi. Shuningdek, davlat idorasi hamda sport federatsiyasini boshqarayotgan amaldorlar birinchi ish joyiga tegishli mablag‘lardan federatsiyaga ham berish huquqini oldi.
Qarorga asosan, Sport vazirligi huzurida Sport sohasida tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi. Jamg‘arma davlat byudjeti va boshqa manbalardan moliyalashtiriladi.
Davlat ishtirokidagi korxonalarning sport sohasi uchun ajratadigan homiylik mablag‘lari ham shu jamg‘armaga yo‘naltiriladi.
2026 yilda jamg‘armaga davlat byudjetidan 700 mlrd so‘m ajratiladi. Shu mablag‘ hisobidan, Superligadagi har bir futbol klubiga joriy yilda 35 mlrd so‘mdan beriladi.
2027 yilda Superliga klublariga 30 mlrd so‘mdan, 2028 yilda 25 mlrd so‘mdan beriladi.
2026 yil 1 apreldan 2029 yil 1 aprelga qadar Superliga va Pro-ligada ishtirok etuvchi futbol klublarining futbolchilari jismoniy shaxslardan esa olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi. Bu imtiyoz muayyan tartibda boshqa sport turlari bo‘yicha murabbiylarga, shu jumladan xorijlik trenerlarga ham taalluqli bo‘ladi.
Sport federatsiyalariga rahbar sifatida saylangan davlat tashkilotlari rahbarlari endilikda o‘zi boshqarayotgan davlat tashkilotining byudjetdan tashqari mablag‘larini o‘zi boshqarayotgan sport uyushmasiga berishi mumkin. Bunda Respublika komissiyasi bilan kelishish talab etiladi. Bunday huquq sport uyushmalariga rahbar sifatida saylangan davlat ishtirokidagi korxonalarning raislariga ham tegishli bo‘ladi.
Live
Barchasi