O‘zbekistonda ko‘mir qazib chiqarish 15 foizga oshiriladi
Olam
−
19 noyabr 1431 2 daqiqa
O‘zbekistonda 2025/2026 yillar kuz-qish mavsumida 10 million tonna ko‘mir ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bu haqda kecha, 18 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan ko‘mir qazib chiqarishda erishilgan natijalar va kelgusi vazifalar yuzasidan taqdimotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, kuz-qish mavsumida aholi xonadonlari, ijtimoiy soha muassasalari hamda iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida energetikaning barcha tarmoqlari qatori ko‘mir sanoatida ham yangi loyihalar amalga oshirilmoqda, ishlab chiqarish quvvatlari va hajmlari ko‘paytirilmoqda.
2024/2025 yillar kuz-qish mavsumida qariyb 8,7 million tonna ko‘mir qazib olinib, issiqlik elektr stansiyalari, byudjet tashkilotlari va aholiga yetkazib berilgan. 2025/2026 yillar kuz-qish mavsumida 15 foiz ko‘proq – 10 million tonna ko‘mir ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Buning uchun “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati korxonalarining moddiy-texnik bazasi kuchaytirilgan, sohada qo‘shimcha ishlab chiqaruvchilarning faoliyati uchun sharoitlar yaratilgan.
Prezident mavsum davomida aholini ko‘mir bilan kafolatli ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar bergan. Korxonalarni modernizatsiya qilish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, sohada bozor tamoyillari hamda raqobatni rivojlantirib, mahsulot tannarxini tushirish muhimligi qayd etilgan.
Taqdimotda uran yo‘nalishidagi yangi investitsiya loyihalarini jadallashtirish, geologiya-qidiruv ishlarining ko‘lamini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish masalalari ham ko‘rib chiqilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2021 yil, 5 mln tonna, 2022 yil 5,4 mln tonna, 2023 yil 6,5 mln tonna, 2024 yil 8,2 mln tonna 2025 yil yanvar-sentyabr oylarida 5,6 mln tonna ko‘mir ishlab chiqarilgan.
Live
Barchasi