O‘zbekistonda ko‘proq ayollar uzoq umr ko‘ryapti
Jamiyat
−
17 Oktabr 2703 2 daqiqa
O‘zbekistonda 2025 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, uzoq umr ko‘ruvchilarning 66,3 foizi ayollar, 34,6 foizi erkaklar ekani aniqlandi. Bu haqda “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakatda 90 yosh va undan katta bo‘lgan fuqarolar soni 18 915 nafarni tashkil etgan. Ularning 56,5 foizi shahar, 43,5 foizi esa qishloq joylarda yashaydi. Hududlar kesimida eng ko‘p uzoq umr ko‘ruvchilar Farg‘ona viloyatida (2582 nafar), Toshkent shahrida (2155 nafar), Qashqadaryo viloyatida (2011 nafar), Surxondaryo viloyatida (1799 nafar) va Toshkent viloyatida (1740 nafar) qayd etilgan.
Demografik prognozlarga asosan, yaqin yillarda mamlakatda uzoq umr ko‘ruvchilar soni muntazam oshib boradi. 2030 yilda bu ko‘rsatkich 44 016 nafarga, 2040 yilda esa 93 971 nafarga yetishi kutilmoqda. Mutaxassislar buni 1935–1950 yillarda tug‘ilgan avlodning uzoq umr ko‘ruvchi yoshga kirib borayotgani bilan izohlamoqda. Mazkur yillarda tug‘ilish darajasi yuqori bo‘lgan – 36,6-30,9 promille atrofida. Shuningdek, O‘zbekistonda umr ko‘rish davomiyligining ortishi ham bu jarayonni qo‘llab-quvvatlamoqda. 2010 yilda tug‘ilishda kutilayotgan o‘rtacha umr 73,0 yoshni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 75,1 yoshga yetgan.
“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, uzoq umr ko‘rishning asosiy ijtimoiy omili ijtimoiy faollik hisoblanadi. So‘rovda qatnashganlarning 76,3 foizi faol ijtimoiy hayot insonni ruhan va jismonan sog‘lom saqlashini ta’kidlagan. Shuningdek, 38,8 foiz respondentlar uzoq umr ko‘rish omillarida genetik meros muhim rol o‘ynashini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq farg‘onalik 130 yoshli onaxon O‘zbekistondagi eng keksa fuqaro deb topilgan. 1895 yilda tug‘ilgan Huvaydo momo Umarova (Toshmatova)ning tug‘ilishi qayd etilmagani aniqlandi.
Buvayda tumani adliya bo‘limi tomonidan kiritilgan da’vo ariza qanoatlantirilib, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudining Buvayda tumani “Qoraqum” MFYda o‘tkazgan sayyor sud majlisida Huvaydo momoning 1895 yil 1 yanvarda Buvayda tumanida tug‘ilganlik fakti belgilandi.
Live
Barchasi