O‘zbekistonda Meta kompaniyasining ofisi ochilishi mumkin
Jamiyat
−
07 Oktabr 3618 2 daqiqa
O‘zbekistonda Facebook, Instagram, WhatsApp va Threads kabi ilovalarga egalik qiluvchi Meta kompaniyasining ofisi ochilishi mumkin. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Istiqbolli loyihalar milliy agentligida Meta kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Unda O‘zbekistonda Meta vakolatxonasini ochish istiqbollari, reklamani ilgari surish va kompaniya platformalarida joylashtirishda firibgarlikning oldini olish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, kontentni monetizatsiya qilish va mamlakatdagi raqamli kontent yaratuvchilarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilingan.
Uchrashuvda Meta vakillari orasida Janubiy va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun davlat siyosati bo‘yicha direktor Sarim Aziz, Markaziy Osiyo, Mo‘g‘uliston, Shri-Lanka va Maldiv orollari uchun davlat siyosati bo‘yicha rahbar Senura Abeyvardena, Markaziy Osiyo, Gonkong va Tayvan bo‘yicha hukumat bilan aloqalar va ijtimoiy tashabbuslar bo‘yicha rahbar Aurora Li va Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston uchun davlat siyosati bo‘yicha mintaqaviy menejer Yerasil Kalixan bo‘lgan.
Tomonlar raqamli platformalarni tartibga solish, foydalanuvchilarni himoya qilish va adolatli monetizatsiya tizimini rivojlantirish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot o‘rnatish va tajriba almashish muhimligini qayd etgan. Raqamli xavfsizlik, reklama shaffofligi, mas’uliyatli raqamli xulq-atvorni targ‘ib qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni davom ettirish va hamkorlikning muayyan yo‘nalishlarini o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pavel Durov Ostona shahrida o‘tkazilgan Digital Bridge forumida Qozog‘istonda Telegram’ning sun’iy intellektga asoslangan laboratoriyasi ochilishi haqida ma’lum qilgan edi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr