O‘zbekistonda nazorat-kassa tizimiga yangi o‘zgartishlar kiritilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekistonda elektron cheklar, retseptli dori vositalari savdosi va raqamli markirovka bo‘yicha qator o‘zgartishlar kiritilmoqda. Bu haqda joriy yilning 25 may kuni “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” qaror loyihasi e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, retsept bilan beriladigan dori vositalari realizatsiya qilinganda elektron retseptning raqamini kassa chekida majburiy tartibda aks ettirilishini belgilash rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaxslarga qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy farq summasini tezlashtirilgan tarzda qoplash tartibini faqatgina Prezident qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxatda belgilangan yirik soliq to‘lovchilarga nisbatan tatbiq etish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, qalbaki raqamli markirovkalangan va kontrafakt mahsulotlarni import qiluvchi, ishlab chiqaruvchi hamda realizatsiya qiluvchi sub’ektlarga nisbatan jinoiy javobgarlikka tortish qoidalarini belgilashni nazarda tutuvchi normani bekor qilish taklif etilmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur choralar iqtisodiyotda xufiyona aylanmani qisqartirish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi hisob-kitoblarni amalga oshirishda zamonaviy axborot yechimlarini joriy etish hamda nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimi qo‘llanilishini yanada takomillashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Ushbu qaror loyihasi muhokamasi joriy yilning 6 iyuniga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda suv va gazli ichimliklarga qo‘yilgan yangi markirovka tizimi (ya’ni, mahsulotni kuzatib borish tizimi) hozircha majburan joriy qilinmasligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

soliq markirovka nazorat-kassa tizimi retseptli dori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing