O‘zbekistonga keladigan yillik turistlar oqimi 20 millionga yetkaziladi

Jamiyat

image

2030 yilgacha O‘zbekistonga keladigan yillik turistlar oqimini 2 karra oshirib, 20 millionga yetkazish reja qilingan. Bu haqda bugun, 15 yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yig‘ilishida aytildi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda turizm sohasi iqtisodiyotning muhim va barqaror o‘sib borayotgan strategik tarmog‘iga aylangan. O‘tgan yili O‘zbekistonga kelgan sayyohlarning soni keskin o‘sib, 11,5 millionga, turizm eksporti esa 4,7 milliard dollarga yetgan.

2030 yilgacha turistlar oqimini 2 karra oshirib, 20 millionga yetkazish reja qilingan. Buning uchun elchilar Turizm qo‘mitasi bilan yangicha yondashuv va tashabbus asosida ishlab, eng yirik autsorsing kompaniyalarni jalb etishi zarurligi qayd etilgan.

Bu borada Rossiya, Belarus, Janubiy Koreya, Germaniya, AQSHdagi elchilar oldiga aniq vazifalar qo‘yilgan.  AQSH, Buyuk Britaniya, Indoneziya, Rossiya, Fransiya va Xitoy elchixonalarida turizm va madaniyat bo‘yicha maslahatchi lavozimlari joriy etiladi. Ushbu davlatlardagi elchilar mazkur imkoniyatdan samarali foydalanib, turizm oqimini 2-3 karra oshirishlari shartligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Bu yildan AQSH fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilingan. Ushbu mamlakatning 100 mingdan ortiq ishchisi bo‘lgan yirik kompaniyalari bilan faol muzokara olib borib, joriy yil AQSHdan kelayotgan sayyohlar sonini 2 karraga oshirish muhimligi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilning 11 oyida O‘zbekistonga 10,7 million nafardan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgani haqida xabar berilgan edi. Ularga 4,4 milliard AQSH dollari miqdorida turizm xizmatlari ko‘rsatilgan. Qo‘shni davlatlar va MDH mamlakatlaridan kelgan sayyohlar soni 2024 yilning shu davriga nisbatan 1,1 barobarga, uzoq xorij davlatlaridan kelgan sayyohlar soni esa 1,5 barobarga oshgan.


Maqola muallifi

Teglar

turizm turist diplomatik vakolatxona

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing