O‘zbekistonlik askarni qutqargan britaniyalik oila mukofotlandi
Jamiyat
−
01 may 9939 3 daqiqa
Ikkinchi jahon urushida fashistlar konslageridan qochib chiqqan o‘zbekistonlik askar Boqijon Akramovga uyidan joy bergan Buyuk Britaniya fuqarolari – marhum Jon va Fillis Emili Le Breton O‘zbekiston Respublikasining “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi. Bu haqda bugun, 1 may kuni O‘zbekiston Prezidentining tegishli farmoni imzolandi.
Unga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushi davrida, g‘oyat tahlikali vaziyatda, o‘z hayotlarini jiddiy xavf-xatarga qo‘yib bo‘lsa-da, Jersi orolidagi fashistlar konslageridan qochib chiqishga muvaffaq bo‘lgan o‘zbekistonlik askar Boqijon Akramovga o‘z uyidan joy berib, uning asrab qolgani hamda ulkan jasorat va insonparvarlik fazilatlarini namoyon etgani, dunyo xalqlari o‘rtasida tinchlik, do‘stlik va birodarlik g‘oyalarini targ‘ib etishda alohida o‘rnak ko‘rsatgani uchun Buyuk Britaniya fuqarolari – marhum Jon va Fillis Emili Le Bretonlar O‘zbekiston Respublikasining “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlanadi.
Boqijon Akramov qanday omon qolgan edi?
Fillis Emili Le Breton va uning turmush o‘rtog‘i Jon nemis asirligidan qochgan “Tom”ni o‘z uylaridagi maxfiy eshiklar ortida yashirgan. Tomning asl ismi – Boqijon Akramov bo‘lib, u Uchinchi Reyx tomonidan harbiy asir sifatida qo‘lga olingan. U bosib olingan Jersi oroliga qul sifatida ishlash uchun olib ketilgan, biroq u qochishga muvaffaq bo‘lgan va Le Bretonlar oilasi uni o‘z himoyasiga olgan. Ular askarni uyda yashirib, o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘ygan. Askar uyning bir qismidan ikkinchi qismiga o‘tish uchun maxfiy eshikdan (pol ostidagi tuynukdan) foydalangan.

“Tom” – Boqijon Akramov Le Bretonlarning beshta yosh farzandiga ertaklar aytib bergan va xuddi Anna Frank kabi kundalik yozgan. Oila unga laqab qo‘ygan va ingliz tilini o‘rgatgan. Fillis va Emilining 52 yoshli nabirasi Kerolin Xorn o‘z oilasi Tomning hayotini saqlab qolish uchun qilgan jasoratidan cheksiz faxrlanishini aytadi.

“U oilamizning a’zosiga aylangandi. Ammam uni o‘zining sevimli amakisi – “Tom amaki” deb atashganini aytib berdi. U bizga shunday tanilgan edi. Buvim Tom haqida har doim gapirib berardi. Bu ularning naqadar mehribon inson bo‘lganini ko‘rsatadi. Bu men uchun g‘urur. Bu inqirozli davr edi va nemis askarlari istalgan vaqtda uyga bostirib kirishlari mumkin edi. Shunga qaramay, ular hatto tanimagan odamiga yordam berish uchun o‘z hayotlarini va farzandlarining hayotini xavfga qo‘yib, uni o‘z uylarida oila a’zosidek yashashiga ruxsat berishgan. Uyda zina ostida kichkina eshik va uning orqasida maxfiy tuynuk bor edi – Tom uyning bir tomonidan ikkinchi tomoniga aynan o‘sha orqali o‘tardi”, deydi nabira.

Le Bretonlar Boqijon Akramov ishonchli odam bo‘lganini aytgan.
“Biz bu odamga ishonganmiz, u ishonish mumkin bo‘lgan inson edi. Bolalar uni yaxshi ko‘rishardi va u ingliz tilini biroz tushuna boshlagach, ularga ertaklar o‘qib berardi”, degan ular.

Boqijon Akramovning sarguzashtlari 1941 yilning iyulida, yosh askar va bo‘ydoq maktab o‘qituvchisi o‘z mamlakatini nemislar hujumidan himoya qilgan paytdan boshlangan. Atigi ikki soat davom etgan jangda uning 12 000 nafar safdoshi halok bo‘lgan va u ko‘plab askarlar qatorida harbiy asirga tushgan.
Nemis askarlari minglab odamlarni tosh karerlarida ishlash va qirg‘oq mudofaa inshootlarini qurish uchun qullikga jalb qilgan. Keyinchalik Boqijon Akramov 2000 nafar boshqa asirlar bilan birga 1942 yilning iyulida Jersidagi Sent-Malo shahriga olib boriladi.
U og‘ir mehnatga majburlangan, biroq qochishga muvaffaq bo‘lgan va uni Sent-Merida Le Bretonlar oilasi to‘rt nafar yosh farzandi bilan topib olgan. Oila xavotirda bo‘lgan, shuning uchun agar bolalar adashib biror gap aytib qo‘ysa, fosh bo‘lish xavfini kamaytirish uchun Boqijonga “Tom” deb qayta ism bergan.
Live
Barchasi