O‘zbekistonlik biznesmen YeIning “qora ro‘yxat”iga tushdi
Jamiyat
−
20 noyabr 11336 2 daqiqa
O‘zbekistonlik tadbirkor Rustam Mo‘minov Yevropa Ittifoqining 19-sanksiyalar paketidan joy oldi. Bu haqdagi ma’lumot YeI tomonidan e’lon qilingan ro‘yxatda ko‘rsatib o‘tilgan.
Yevropa Ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra, Mo‘minov hali ham Farg‘ona kimyo zavodini nazorat qiladi. YeI bayonotida qayd etishicha, bu zavod Rossiya kuchlariga qurol ishlab chiqarish uchun Perm va Qozon porox zavodlariga paxta sellyulozasini yetkazib bergan.
“Rustam Mo‘minov O‘zbekistonda joylashgan Farg‘ona kimyo zavodini nazorat qiladi. Farg‘ona kimyo zavodi Perm porox zavodi va Qozon davlat porox zavodiga paxta sellyulozasini yetkazib bergan. Bu korxonalardan Rossiya Qurolli kuchlari qurol olgan. Shuning uchun Rustam Mo‘minov Rossiya harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlaydi”, deyiladi hujjatda.
Hujjatda, shuningdek, Rustam Mo‘minov 1965 yilda tug‘ilgani va O‘zbekiston, Rossiya va Buyuk Britaniya fuqaroligiga ega ekani aytilgan.
Ma’lumot uchun, Farg‘ona kimyo zavodi 2012 yil 3 avgustda ro‘yxatdan o‘tgan. U qog‘oz pulpa va sellyuloza ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Uning ustav kapitali 51,1 milliard so‘mni (taxminan 4 million dollar) tashkil etadi. Uning asoschisi Mercury Renaissance, direktori esa Sergey Nazirovich Sabirovdir.
Toshkentning Yakkasaroy tumanida joylashgan mas’uliyati cheklangan jamiyat Mercury Renaissance 2016 yil 11 aprelda ro‘yxatdan o‘tgan. Rasmiy hujjatlarga ko‘ra, shu yilning may oyida Rustam Rahimjonovich Mo‘minov Mercury Renaissance kompaniyasining 60 foiziga egalik qilgan.
Qayd etish joiz, may oyida Ukraina uchta o‘zbek kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy qildi, ularni Rossiya harbiy-sanoat kompleksiga ikki maqsadli mahsulotlar yetkazib berishda gumon qildi. Ular orasida Xomashyo sellyuloza, Mercury Renaissance va Farg‘ona kimyo zavodi bor edi. Ukraina, shuningdek, Rustam Mo‘minovga qarshi shaxsiy sanksiyalarni joriy qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi Ukrainaga qarshi Rossiyaning tajovuzkor urushi sababli unga qarshi navbatdagi – 20-sanksiyalar paketini ishlab chiqishga kirishgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi