O‘zbekistonliklar 25 sentyabrdan Iordaniyaga vizasiz bora oladi
Jamiyat
−
29 avgust 4970 2 daqiqa
O‘zbekiston fuqarolari joriy yilning 25 sentyabridan boshlab Iordaniyaga vizasiz borishi mumkin bo‘ladi. Buni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov tasdiqladi.
Uning aniqlik kiritishicha, O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida vizasiz rejimni joriy etish to‘g‘risidagi bitim imzolanganidan 30 kun o‘tib, ya’ni 25 sentyabrdan kuchga kiradi. O‘zbekistonliklar Iordaniyada 30 kungacha vizasiz qolishi mumkin bo‘ladi.
Ma’lumki, 26 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning Samarqandda bo‘lib o‘tgan muzokaralari natijasida tomonlar o‘zaro ravishda kirish vizasi talabidan ozod qilish to‘g‘risida kelishuvga erishgan.
Eslatib o‘tamiz, Abdulla II ibn al-Husayn 25 avgust kuni davlat tashrifi bilan Samarqandga kelgandi. Samarqand shahri aeroportida Iordaniya Podshohini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. Keyin Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husayn O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida qadimiy Samarqand shahrining ulug‘vor tarixiy obidalari bilan tanishdi. Yetakchilar kechqurun Samarqand xalqaro turizm markazidagi "Boqiy shahar" tarixiy-etnografik majmuasini ham borib ko‘rdi. 26 avgust kuni Samarqand shahrida tashrifning asosiy tadbirlari Iordaniya rahbarini rasmiy kutib olish marosimidan boshlandi. Keyin muzokaralar bo‘lib o‘tdi va uning yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi podshohi Abdulla II ibn al-Husayn Sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qildi. Tashrif doirasida 15 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi. Iordaniya podshohining davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Iordaniyaning “An-Nahda” (“Renessans”) ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu mamlakatning oliy mukofotini davlat rahbariga Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi podshohi Abdulla II ibn al-Husayn shaxsan topshirdi. Podshoh tashrifni yakunlab, Qozog‘istonga uchib ketdi.
Live
Barchasi