O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida yangi “yo‘l xaritasi” tayyorlanadi
Jamiyat
−
13:23 800 3 daqiqa
Bugun, 6 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islomobod shahriga davlat tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan birgalikda qo‘shma biznes forumida ishtirok etdi.
.jpg)
Tadbirda ikki mamlakatning 300 dan ortiq yetakchi sanoat korxonalari va savdo kompaniyalari, tarmoq tashkilotlari hamda ishbilarmonlik tuzilmalari rahbarlari va vakillari ishtirok etgan.
Pokiston tomonidan PEL, “Waves Singer”, “Sadaqat”, “Fauji”, “Platinum”, “Fast Cables”, “National Fruit”, “Amson Group”, “Shaigan”, “Hans International”, “Secure Logistics Group”, NLC, “Fairmont”, “Go Dairy”, “Engro”, “Herbion”, AGP, “Arco”, “Habib Rafiq”, “Pakistan Steel Mills”, “Siddiq Sons”, “Uniworth”, “Diners”, “Fatima Group”, “Fateh Group”, “Hub Leather”, “Siddiq Leather”, “Royal Leather”, “Davis”, “Ahsan Dyeing” va boshqa ko‘plab kompaniyalar qatnashgan.
.jpg)
O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida oliy darajadagi muzokaralar O‘zbekiston – Pokiston munosabatlarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy jihatdan rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berganini katta mamnuniyat bilan qayd etgan.
O‘zaro aloqalar tarixida ilk bor iqtisodiy hamkorlikka yangi sifat bag‘ishlash va savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazishni nazarda tutuvchi bayonnoma imzolangan.
Ikki mamlakat mutasaddilariga kompleks “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va yuzaga keladigan masalalarni tezkor hal etish mexanizmini joriy qilish topshirilgan.
.jpg)
O‘zbekiston Prezidenti iqtisodiy sheriklikning muhim yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tgan. Farmatsevtika va tibbiyot, yengil sanoat, kon-metallurgiya tarmog‘i va geologiya, oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish shular jumlasidan.
Pokiston kompaniyalari O‘zbekistondagi dori vositalari, biotexnologiyalar va tibbiy asbob-uskunalarni mahalliylashtirish loyihalariga taklif etilgan. Toshkent farmatsevtika parkida pokistonlik investorlar uchun qulay sharoitlar yaratiladi.
.jpg)
Xalqaro brendlar uchun tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarishda katta salohiyat mavjudligi ta’kidlangan. O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalarini ishonchli boshqaruvga berish va pokistonlik hamkorlar uchun alohida charm sanoati zonalarini tashkil etishga tayyor.
Go‘sht, kartoshka va guruchni birgalikda yetishtirish, shuningdek, urug‘chilik va seleksiya sohasida Pokiston Milliy genomika instituti bilan sheriklik istiqbollariga alohida e’tibor qaratilgan.
Transport-logistika sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish savdo hajmini yanada oshirishning muhim shartidir.
“Pokiston – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” yo‘nalishi bo‘ylab yuk tashish, Lahor va Islomobod shaharlariga esa aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgan, Transafg‘on temiryo‘lini qurish loyihasi ilgari surilmoqda. Joriy yilning aprel oyidan Karachiga yuk reyslari va Lahorga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘lovchi reyslari yo‘lga qo‘yiladi.
Hududlar o‘rtasidagi aloqalarni amaliy jihatdan mustahkamlash maqsadida joriy yilda birinchi Hududlararo forumni o‘tkazish tashabbusi qo‘llab-quvvatlangan.
Tadbir yakunida O‘zbekiston yetakchisi va Pokiston Bosh vaziri erishilgan kelishuvlar to‘g‘risida alohida bayonnomani imzolagan. Unda amalga oshirish muddatlari hamda ikki mamlakatning buning uchun mas’ul vazirlik va idoralari rahbarlari belgilab olingan.
.jpg)
Shuningdek, yetakchilar huzurida qator investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy kelishuvlarni almashish marosimi bo‘lgan.
Live
Barchasi