O‘zbekistonning davlat qarzi miqdori ochiqlandi

Jamiyat

image
Tashqi qarz olishning uyatli joyi yo‘q – Jamshid Qo‘chqorov north_east

Tashqi qarz olishning uyatli joyi yo‘q – Jamshid Qo‘chqorov

Joriy yil 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi 43 mlrd 376 mln dollarga yetgan. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisobotida keltirilgan.

Unga ko‘ra, jami davlat qarzidan 36 mlrd 414 mln dollari tashqi, 6 mlrd 962 mln dollari ichki qarz hisoblanadi. Yalpi ichki mahsulotga nisbati umumiy miqyosda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,8 foiz oshib, 34,2 foizni tashkil etmoqda.

Qayd etish joiz, 2024 yilning 1 iyul holatiga davlat qarzi 37 mlrd 241 mln dollarni tashkil etgan va bir yil ichida ushbu ko‘rsatkich 16,5 foizga oshgan.

1 iyul holatiga davlat tashqi qarzining kreditorlar kesimida taqsimlanishi quyidagicha:

  • Jahon banki – 7,8 mlrd dollar;
  • Osiyo taraqqiyot banki – 7,4 mlrd dollar;
  • Xalqaro investorlar (xalqaro yevrobondlar) – 5,7 mlrd dollar;
  • Xitoy moliya tashkilotlari – 3,8 mlrd dollar;
  • Yaponiya moliya tashkilotlari — 3,2 mlrd dollar;
  • Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki — 1,7 mlrd dollar;
  • Fransiya moliya tashkilotlari – 1,1 mlrd dollar;
  • Islom taraqqiyot banki – 935 mln dollar;
  • Koreya moliya tashkilotlari – 750 mln dollar;
  • Xalqaro valyuta jamg‘armasi – 642 mln dollar;
  • Germaniya davlat banki – 481 mln dollar;
  • Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki – 401 mln dollar;
  • Boshqa moliyaviy tashkilotlar – 2,5 mlrd dollar.

Ushbu davrdagi jami davlat tashqi qarzining 47 foizi (16,9 mlrd dollar) byudjetni qo‘llab-quvvatlashga, 16 foizi (5,9 mlrd dollar) yoqilg‘i-energetika sohasiga, 9 foizi qishloq va suv xo‘jaligiga (3,1 mlrd dollar), 8 foizi (2,9 mlrd dollar) transport va transport infratuzilmasiga, 8 foizi uy-joy kommunal xo‘jaligiga (3 mlrd dollar) yo‘naltirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bankning “O‘zbekiston Respublikasi to‘lov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqei va tashqi qarzi” sharhida joriy yilning I choragida O‘zbekistonning umumiy tashqi qarz hajmi 68,4 mlrd dollarni tashkil qilgani qayd etilgandi. Shundan davlat tashqi qarzi hajmi 35,8 mlrd dollar hamda korporativ tashqi qarz hajmi 32,6 mlrd dollarga teng bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

davlat qarzi tashqi qarz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing