Tashqi qarz olishning uyatli joyi yo‘q – Jamshid Qo‘chqorov

Jamiyat

image

O‘zbekistonda ichki infratuzilmani tashkil etish va saqlash, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun iqtisodiy ta’minot zarur va shuning uchun tashqi qarz jalb qilinadi. Buning esa uyatli joyi yo‘q. Bu haqda bugun, 3 iyun kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisidagi Davlat byudjeti ijrosi muhokamasida Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov so‘z ochdi.

Jamshid Qo‘chqorovning bildirishicha, iqtisodiyot ko‘p mablag‘ga muhtoj. Davlat vazifalarini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar infrastrukturani rivojlantirish, yo‘l, ichimlik suvi, energetika tarmoqlari, aeroport, temiryo‘l, avtomobil yo‘llari masalalari, mamlakat mudofaa qobiliyatini, xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlarning ma’lum bir qismi tashqi qarz hisobidan moliyalashtiriladi. Masalan, yangi qurilayotgan xonadonlar uchun ipoteka kreditlari berish uchun ham tijorat banklarini uzoq muddatga mablag‘ bilan ta’minlash zarur bo‘ladi. Shu kabi ishlar tashqi qarz hisobiga qoplanadi. 

2024 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining tashqi qarzi 33,7 milliard dollar, ichki qarz esa 6,5 mlrd dollarni tashkil etmoqda. Jami qarzdorlik YAIMga nisbatan 35 foizni tashkil etadi. Xalqaro me’yorlarga nisbatan O‘zbekistonning qarzi mo‘’tadil darajada hisoblanadi. 

Joriy yil 1 aprel holatiga ko‘ra esa O‘zbekistonning davlat qarzi qoldig‘i jami 42,4 mlrd AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, shundan tashqi qarz 35,6 mlrd AQSH dollari, ichki qarz 6,9 mlrd AQSH dollari yoki 2025 yil uchun kutilayotgan YAIMga nisbatan 33,5 foizni tashkil etgan. Bu esa xalqaro me’yorlarda mo‘’tadil hisoblanadi.

Shuningdek, davlat qarzi to‘g‘risidagi qonunchilik bo‘yicha davlat qarzining eng yuqori miqdori YAIMga nisbatan 60 foizdan oshmasligi zarur. Bosh vazir o‘rinbosarining aytishicha, har bir dollar olinayotgan qarzga nihoyatda sinchkovlik bilan qaraladi, nima uchun, qaysi maqsadlar uchun olinayotgani tekshiruvdan o‘tkaziladi. 

“Shaharlar bormi, qishloqlar bormi, mahallalarmi – hammasi obod bo‘lib kelyapti va bunda xarajatlarning ma’lum bir qismi tashqi qarz hisobidan amalga oshiriladi. Agar shunday so‘z joiz bo‘lsa, buni hech qanday uyatli joyi yo‘q. Qarz oshdi deb gapiradigan odam shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasining YAIM ham bugungi kunda 115 mlrd dollarga yetganini ham aytib o‘tishi kerak” deydi Qo‘chqorov.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan “O‘zbekistonning to‘lov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqeyi hamda tashqi qarzi” bo‘yicha hisobotida 2024 yil yakuniga ko‘ra O‘zbekistonning umumiy tashqi qarz hajmi 64,1 mlrd dollarni (YAIMga nisbatan 55,7 foiz) tashkil qilib, shundan davlat tashqi qarzi hajmi qariyb 33,9 mlrd dollar (YAIMga nisbatan 29,5 foiz) hamda korporativ tashqi qarz hajmi 30,2 mlrd dollarga teng bo‘lgani qayd etilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Jamshid Qo'chqorov Tashqi qarz davlat tashqi qarzi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing