O‘zbekistonning sobiq suv xo‘jaligi vaziri vafot etdi
Jamiyat
−
20 aprel 15377 2 daqiqa
Kecha, 19 aprel kuni davlat va jamoat arbobi, mehnat faxriysi Rim Abdulovich Giniyatullin 83 yoshida vafot etdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev uning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumot uchun, Rim Giniyatullin 1943 yil 18 sentyabrda Jizzax viloyatining Zomin tumanida tug‘ilgan. 1963 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash institutini (hozirgi “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti) muhandis-gidrotexnik yo‘nalishi bo‘yicha tugatgan. Mehnat faoliyatini O‘zbekiston qurilish vazirligida oddiy ishchi sifatida boshlab, keyinchalik ushbu vazirlikda usta, bosh muhandis vazifalarida xizmat qilgan. U O‘zbekiston suv xo‘jaligi vazirligida boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, bosh boshqarma boshlig‘i, suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, Davlat reja qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Davlat agrosanoat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimlarida ishlab, katta bilim va tajriba orttirgan.
U 1989–1996 yillarda melioratsiya va suv xo‘jaligi vaziri, 1996–1997 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari kabi mas’ul lavozimlarda mehnat qilib, mamlakatda suv va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini rivojlantirish orqali mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan.
Giniyatullin Orolni qutqarish Xalqaro jamg‘armasida turli rahbarlik vazifalarida ishlab, dengizning qurishi bilan bog‘liq salbiy oqibatlarni yumshatish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishda jonbozlik ko‘rsatgan.
“Umrining so‘nggi yillarida u Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonlarida, xususan, ko‘pmillatli jamiyatimizda tinchlik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, keksalar va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda faol ishtirok etdi”, deyiladi ta’ziya maktubida.
U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvonlari, “Mehnat shuhrati” va “Do‘stlik” ordenlari bilan mukofotlangan.
“El-yurtimiz o‘rtasida obro‘-e’tibor topgan tajribali rahbar, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Rim Abdulovich Giniyatullinning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, deyiladi hamdardlik xatida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq davlat va jamoat arbobi, O‘zbekistonning sobiq iqtisodiyot vaziri Vyacheslav Arkadevich Golishev 75 yoshida vafot etgandi.
Live
Barchasi