Mirziyoyev Abdulla Ubaydullayev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Jamiyat

image

Avvalroq, taniqli pulmonolog olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tibbiyot xodimi Abdulla Muharramovich Ubaydullayev 91 yoshida vafot etgani haqida xabar berilgandi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu munosabat bilan hamdardlik bildirdi.

Ma’lumot uchun, Abdulla Ubaydullayev 1934 yil 20 martda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent davlat tibbiyot institutida (hozirgi Toshkent davlat tibbiyot universiteti) tahsil olgan. Mehnat faoliyatini Toshkent shahridagi 1-klinik shifoxonada feldsher vazifasida boshlagan. Keyinchalik Toshkent va Moskva shaharlarida aspirantura hamda doktoranturada o‘qib, nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan. Ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun 1995 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, 2000 yilda esa haqiqiy a’zosi etib saylangan. 

Abdulla Ubaydullayev qariyb 70 yillik mehnat faoliyati davomida Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti assistenti, dotsenti, fakultet dekani, Respublika ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi professori kabi mas’ul lavozimlarda fidokorona xizmat qilib, o‘zining yuksak ilmiy-pedagogik va rahbarlik salohiyatini namoyon etgan. 

Butun hayotini aholi salomatligini muhofaza qilishdek sharafli ishga bag‘ishlagan tajribali olim mazkur yo‘nalishda yuqori malakali kadrlar tayyorlash va ularni qayta tayyorlash, O‘zbekistonda zamonaviy tibbiyot ilmini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan. Ayniqsa, ftiziatriya va pulmonologiya-epidemiologiya sohasida jonbozlik ko‘rsatib, sil va nafas olish yo‘llarining noan’anaviy kasalliklarini profilaktika qilish va davolash bo‘yicha dolzarb mavzularda ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirgan, ko‘plab monografiya, darslik, o‘quv qo‘llanmalar yozib, pulmonologiya va allergologiya yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekistonda yangi maktab yaratgan.

“Abdulla Ubaydullayev turli davrlarda O‘rta Osiyo pulmonologlari assotsiatsiyasi prezidenti, “Markaziy Osiyo pulmonologlari xabarnomasi” ilmiy jurnali bosh muharriri, Yevropa respiratorlar jamiyati, Sil va nafas yo‘llari kasalliklari xalqaro ittifoqi a’zosi sifatida faoliyat ko‘rsatib, mamlakatimizda va xalqaro ilmiy jamoatchilik o‘rtasida yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi”, deyiladi ta’ziya xatida. 

Jonkuyar olim ko‘plab yoshlarga ustozlik qilgan, uning rahbarligida o‘nlab nomzodlik va doktorlik ishlari himoya qilingan.

Akademik Abdulla Ubaydullayevning mamlakatda tibbiyot sohasini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlat tomonidan munosib taqdirlangan. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi” faxriy unvoni, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.

“Taniqli olim, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Abdulla Ubaydullayevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, deyiladi ta’ziya xatida.


Maqola muallifi

Teglar

hamdardlik olim akademik Abdulla Ubaydullaev pul'monolog

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing