O‘zbekistonning JCHdagi ehtimoliy raqibi o‘zgarmaydigan bo‘ldi

Sport

image

Nigeriya futbol federatsiyasining (NFF) Kongo terma jamoasi ustidan bergan shikoyati FIFA Intizom qo‘mitasi tomonidan rad etildi. Bu haqda ESPN xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, FIFA Nigeriyaning 2025 yil noyabr oyida o‘tkazilgan Afrika mintaqasi Jahon chempionati pley-off bahslarida Kongo Demokratik Respublikasi tomonidan maydonga tushirilgan ayrim futbolchilarning huquqiy maqomi yuzasidan bildirgan e’tirozini rad etgan.

“Biz FIFA Intizom qo‘mitasining qarorini oldik, biroq undan qoniqmadik. NFF darhol ushbu qaror ustidan shikoyat qilish jarayonini boshladi”, deydi federatsiya bosh kotibi Muhammad Sanusi.

Endi mazkur ish Lozannadagi Sport arbitraj sudiga (CAS) yuborilishi kutilmoqda. Biroq apellyatsiya joriy yilning 26 mart kuni boshlanadigan qit’alararo pley-off bosqichiga qadar ko‘rib chiqiladimi yoki yo‘q, hozircha noma’lum.

2025 yilning 16 noyabr kuni Rabotda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati pley-off uchrashuvda Kongo Nigeriyani penaltilar seriyasida 4:3 hisobida mag‘lub etgandi. Asosiy va qo‘shimcha vaqtda hisob 1:1 bo‘lib qolgan. Ushbu natija evaziga Kongo qit’alararo pley-off bosqichiga yo‘l olgan.

Shuningdek, Nigeriya Kamerun bilan birga, Kongo safida o‘ynagan bir qator futbolchilar xalqaro maqomini noto‘g‘ri o‘zgartirganini da’vo qilgan. Ularning fikricha, bu futbolchilar Kongo qonunchiligiga zid ravishda ikkinchi fuqarolikdan voz kechmagan.

Biroq FIFA qoidalariga ko‘ra, futbolchi o‘zi himoya qilayotgan davlatning amaldagi pasportiga ega bo‘lsa, uning o‘ynashiga ruxsat beriladi. Shu asosda bahsli futbolchilarga avvaldan ruxsat berilgan.

Shunga qaramay, NFF FIFA qarorida xatolik bor deb hisoblamoqda va masalani CAS orqali hal qilishga urinmoqda.

Ma’lumot uchun, Kongo Demokratik Respublikasi qit’alararo pley-off bosqichida Yangi Kaledoniya va Yamayka jamoalari o‘rtasidagi bahs g‘olibiga qarshi maydonga tushadi. Ushbu uchrashuv g‘olibi 2026 yilgi Jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan birga “K” guruhidan joy oladi.


Maqola muallifi

Teglar

Kongo Jahon chempionati Nigeriya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing