Vazir yoki hokimlikka nomzodlar poraxo‘rlikka qarshi rejasini taqdim etadi
Jamiyat
−
06 Oktabr 3908 2 daqiqa
Bugun, 6 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Qayd etilishicha, qonun loyihasining asosiy maqsadi hukumat a’zolari va mahalliy ijro hokimiyati rahbarlarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi mas’uliyati va hisobdorligini oshirish, ular tomonidan bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini kuchaytirishdan iborat.
Qonun loyihasiga muvofiq, hokim lavozimiga nomzod tegishli xalq deputatlari Kengashida nomzodi ko‘rib chiqilayotganda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi bilan bir qatorda, hududda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha harakatlar rejasini ham taqdim etishi lozim bo‘ladi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlar Qonunchilik palatasida nomzodi ko‘rib chiqilayotganda va ma’qullanayotganda o‘z faoliyat dasturi bilan birga tizimda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ham taqdim etishi belgilanmoqda.
Yig‘ilishda qonun loyihasining qabul qilinishi rahbar lavozimlarga tavsiya etilayotgan shaxslarning davlat xizmatini ochiqlik va hisobdorlik tamoyillari asosida amalga oshirishga bo‘lgan mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qilishi alohida qayd etildi. Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.
Kun tartibidagi masalalar atroflicha ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tuman va shahar hokimliklari faoliyatini takomillashtirishga doir O‘zbekiston Prezidenti Farmoni loyihasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, hokim o‘rinbosarlari soni qisqartiriladi.
Live
Barchasi