Venesuela AQSHga “bo‘yin egishni” boshladi
Olam
−
10 yanvar 13926 1 daqiqa
Delsi Rodriges boshchiligidagi Venesuela muvaqqat hukumati kecha, 9 yanvar kuni bergan bayonotida AQSH bilan diplomatik aloqalarni kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganishni boshlagan. Shu doirada AQSH Davlat departamenti vakillari texnik va logistika baholash ishlarini olib borish uchun Karakasga tashrif buyurgan. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
AQSH Davlat departamentining bayonotida aytilishicha, amerikalik rasmiylar Janubiy Amerika davlatida AQSH elchixonasi faoliyatini bosqichma-bosqich qayta tiklash ehtimolini ko‘rib chiqmoqda.
Ma’lumki, Vashington va Karakas o‘tgan hafta AQSHning shov-shuvli harbiy amaliyoti ortidan Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro qo‘lga olinganidan so‘ng, hamkorlikka tayyor ekanligini bildirgan. Shundan so‘ng uning vitse-prezidenti Delsi Rodriges mamlakatning muvaqqat rahbari sifatida hokimiyatni o‘z qo‘liga olgan.
“Venesuela hukumati AQSH hukumati bilan diplomatik missiyalarni ikki davlatda ham qayta tiklashni ko‘zlab, sinov (eksploratsiya) jarayonini boshlashga qaror qildi,” deyiladi Venesuela hukumati bayonotida.
Shuningdek, Venesuela tomoni baholash ishlarini olib borish uchun AQSHga ham o‘z delegatsiyasini yuborishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq muvaqqat prezident Delsi Rodriges AQSH hamda mintaqadagi boshqa davlatlar bilan tenglik va suverenitetni hurmat qilish tamoyillariga asoslangan xalqaro munosabatlarni rivojlantirishni ustuvor vazifa sifatida belgilashini aytib o‘tgandi.