Venesuelada Maduroni ozod qilish bo‘yicha komissiya tuzildi
Olam
−
05 yanvar 6502 2 daqiqa
Venesuela rasmiylari qo‘lga olingan Prezident Nikolas Maduro va uning rafiqasini ozod etish bo‘yicha maxsus komissiya tuzdi. Bu haqda mamlakat Axborot va kommunikatsiyalar vaziri Freddi Nyanes Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kecha, 4 yanvar kuni o‘tkazilgan vazirlar mahkamasi yig‘ilishida prezident vazifasini bajaruvchi shaxs Nikolas Maduro va uning rafiqasini ozod etish uchun yuqori darajadagi komissiya tashkil etgan.
Komissiyaga rahbarlik qilish vaqtinchalik prezident Delsi Rodriges tomonidan o‘z akasi – Milliy assambleya raisi Xorxe Rodriges hamda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Ivan Xillga topshirilgan. Ular komissiyaning hamraislariga aylantirilgan. Yangi tuzilma tarkibiga, shuningdek, axborot vaziri Freddi Nyanes ham kiritiladi.
Komissiyaning keyingi rejalari va AQSH bilan qanday til topishishi haqida hech qanday ma’lumot taqdim etilmagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 yanvar kuni tunda Venesuela poytaxti Karakas shahrida portlashlar sodir bo‘ldi. Shundan so‘ng AQSH Prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar Venesuelaga keng ko‘lamli zarbalar bergani, Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa rafiqasi bilan qo‘lga olinib, mamlakatdan olib chiqib ketilganini bildirdi.
AQSH rasmiylari er-xotinni “narkoterrorizm”da ayblamoqda, yaqin vaqt ichida ular AQSH sudida javob beradi.
Hozirda Venesuela vitse-prezidenti Delsi Rodriges mamlakat prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan. U Maduro va uning rafiqasini zudlik bilan ozod qilishni talab qilmoqda. Ma’lum qilinishicha, ular allaqachon Bruklindagi (Nyu-York) tergov izolyatoriga yetkazilgan.
Keyinchalik, ayblanuvchilar orasida Maduroning o‘zi va rafiqasidan tashqari o‘g‘li – kichik Nikolas Maduro ham borligi aytildi.
Live
Barchasi