“Vini, sen maymunsan”. FIFA Vinisius mojarosidan so‘ng qoidalarni o‘zgartirishi mumkin
Sport
−
21 fevral 8124 2 daqiqa
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) a’zosi Mikael Silvestr “Real Madrid” futbolchisi Vinisius Junior va “Benfika” futbolchisi Janluka Prestianni ishtirokidagi irqchilik bilan bog‘liq mojarodan so‘ng qoidalarni qayta ko‘rib chiqish kerakligini aytdi. Bu haqda “The Sunday Guardian” nashri ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, FIFA mulozimi tashkilot maydonda haqoratli so‘zlarni aniqlash maqsadida imo-ishoralardan foydalanadigan futbolchilarga nisbatan sanksiyalar qo‘llash masalasini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgan.
Silvestrning ta’kidlashicha, jamoadoshlar o‘rtasidagi oddiy taktik muloqot bilan haqoratli so‘zlar o‘rtasida aniq chegara bo‘lishi zarur. U maydonda qaysi harakatlar maqbul, qaysilari esa nomaqbul ekanini belgilashda hakamlar bilan ochiq muloqot muhim ahamiyat kasb etishini qayd etgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 17 fevral kuni Chempionlar ligasida “Real Madrid” safarda “Benfika”ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvdagi yagona gol muallifi Vinisius bo‘ldi. Goldan so‘ng braziliyalik futbolchi “Benfika” yarim himoyachisi Janluka Prestiannini bilan tortishib qoldi va hakamga irqchilik haqoratlari bo‘yicha shikoyat qildi. Shundan so‘ng o‘yin qariyb 10 daqiqaga to‘xtatildi.
Vinisius bir muddat tark etdi, biroq murabbiylar shtabi uni o‘yinni davom ettirishga ko‘ndirdi. Oradan bir kun o‘tib, UEFA Intizom qo‘mitasi voqea yuzasidan tekshiruv boshlaganini ma’lum qildi.
Ushbu jamoalar o‘rtasidagi javob uchrashuvi joriy yilning 25 fevral kuni Madrid shahridagi “Santyago Bernabeu” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Live
Barchasi