Jahon chempionati kubogi Meksikaga yetkazildi

Sport

image

2026 yilgi Jahon chempionati kubogi Meksikaga yetkazildi. Tantana marosimi Felip Anxeles xalqaro aeroportida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Meksika Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Marosimda so‘zga chiqqan Tashqi ishlar vaziri Xuan Ramon de la Fuente Meksika dunyoning barcha burchaklaridan keladigan mehmonlarni iliqlik, tartib, xavfsizlik va hurmat bilan kutib olishga tayyor ekanini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Meksika “institutlari orqali harakat qiladigan va qonun ustuvorligi asosida yashaydigan” mamlakatdir.

Bildirilishicha, joriy yilning 22 fevral kuni “Xalisko – yangi avlod” giyohvand moddalar karteli yetakchisi Nemesio Oseguera Servantesning (laqabi “El Mencho”) o‘ldirilishidan so‘ng Meksikaning bir nechta hududlarida, jumladan, Gvadalaxarada ham tartibsizliklar boshlangan. 

24 fevral kuni xavfsizlik kuchlari va narkokartellar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar fonida bo‘lajak Jahon chempionati o‘yinlari Meksikadan boshqa joyga ko‘chirilishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. 

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, FIFA rasmiylari vaziyat keskinlashgan taqdirda muqobil variantlarni ko‘rib chiqishni boshlagan. Biroq o‘yinlarni ko‘chirish faqat xavfsizlik xodimlari va tijorat hamkorlari jiddiy xavotir bildirgan taqdirdagina, eng so‘nggi chora sifatida ko‘rib chiqilishi aytilmoqda.

2026 yilgi Jahon chempionati 2026 yilning yozida AQSH, Meksika, Kanada mezbonligida o‘tkaziladi. Turnirda O‘zbekiston milliy terma jamoasi Portugaliya, Kolumbiya va (Kongo, Yamayka va Yangi Kaledoniya) pley-off g‘olib bilan birga “K” guruhidan o‘rin olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA prezidenti Janni Infantino Meksikadagi keskin vaziyat fonida 2026 yilgi Jahon chempionati o‘yinlarini mamlakatda o‘tkazish masalasida xotirjam ekanligini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon chempionati Meksika FIFA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing