Xitoyliklar o‘zbeklarni qul qildi — Weekend

Tahlil

Qo‘shma Shtatlar XIX asrdan buyon tomchilab yig‘ib kelayotgan obro‘sini Tel-Avivga o‘rnashib olgan bir to‘da ekstremistik vazirlar va balki ehtimol qudratli hamda ta’sirchan institutlar bosimi ostida G‘azodagi voqealar fonida chelaklab to‘kib yubormoqda. Yaqingacha dunyo yalovbardori sifatida ergashiladigan mamlakatdan bugun asar ham qolmadi. Endi u bosqin, qatliom va boshqa g‘ayriinsoniy qadriyatlarga sherik hamda uni siyosiy va moddiy jihatdan to‘liq qo‘llab-quvvatlayotgan bir tuzilma. Dunyoda ko‘p qutblilik allaqachon boshlanib bo‘ldi. Bugun sayyorada yakkahukmron davlat mavjud emas. Ba’zi iqtisodiy va harbiy ko‘rsatkichlarga ko‘ra bu AQSH bo‘lib qolaversada, endilikda unga xayrixoh bo‘lganlar safi yo‘q bo‘lib bormoqda. Albatta, G‘azo sektorida “zudlik bilan” o‘t ochishni to‘xtatishni, shuningdek, Falastin hududiga insonparvarlik yordami bo‘yicha Isroil tomonidan qo‘yilgan barcha cheklovlarni olib tashlashni talab qiladigan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasiga veto qo‘ydigan davlatni qanday ta’riflash mumkin? 18 sentyabr kuni Vashington bunday rasvo qarorga oltinchi marotaba qo‘l urdi va hujjatga veto qo‘ydi. AQSHning BMTdagi missiyasi vakili Morgan Ortagus esa buni shunday izohladi:

“Qo‘shma Shtatlar bu qabul qilib bo‘lmaydigan rezolyutsiyani rad etadi. HAMAS uchun barcha garovdagilarni istisnosiz zudlik bilan ozod qilish va so‘zsiz taslim bo‘lish vaqti keldi. Qo‘shma Shtatlar ushbu dahshatli mojaroga barham berish uchun hamkorlari bilan ishlashda davom etadi”.

Rezolyutsiya loyihasi BMT Xavfsizlik Kengashining 15 nafar a’zolaridan o‘ntasi tomonidan tayyorlangan. Qolgan 14 davlat, AQSHdan farqli o‘laroq, Isroilning G‘azodagi deyarli ikki yillik qirg‘inlarini to‘xtatishni nazarda tutuvchi ushbu hujjatni qo‘llab-quvvatladi. Veto qo‘yish uchun qo‘l ko‘targan Morgan Ortagus esa tashqarida darhol odamlarning noroziligiga uchradi. Yig‘ilganlar unga qarata: “Bu ishingdan uyal”, deya qichqirdi. Xonim bo‘lsa, boshqa AQSH va Isroil siyosatchilariga o‘xshab adolat talab qilayotgan bunday tovushlarga pinagini ham buzgani yo‘q. Uning isroillik mavqedoshi Denni Danon esa “Isroilga qarshi rezolyutsiyalar garovga olinganlarni ozod qilmasligi yoki mintaqa xavfsizligini ta’minlamasligi”ni ochiq-oydin ta’kidlab, Isroil G‘azo sektorida falastinliklarga qarshi genotsid sodir etayotgani haqidagi ayblovlarni yana rad etdi.

Ammo Qo‘shma Shtatlar Falastinning tuzilishiga qanchalik qarshilik qilmasin, dunyo davlatlari, xususan, G‘arbning ko‘plab yetakchi hukumatlari Yaqin Sharqda adolatni tiklashga yaqin turibdi. Ko‘plab davlatlar yaqin kunlarda BMTning navbatdagi assambleyasida, AQSHning o‘zida, ya’ni Nyu-Yorkda Falastinni tan olishni rejalashtirgan. Bundan tashqari, AQSH senatori Jeff Myorkli Prezident Donald Trampni Falastin davlatini rasman tan olishga chaqirdi. U tarixda birinchi marta AQSH Senatida shunday mazmundagi rezolyutsiyani taqdim qildi. AQSHning Oregon shtatidan saylangan ushbu senatorning bayonotida aytilishicha, rezolyutsiya yetti nafar demokrat va bitta mustaqil senator tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Unda AQSH Prezidenti Falastin davlatini tan olishi kerakligi ta’kidlangan. Hujjatda ikki davlat yechimi Falastin va Isroil xavfsizligi hamda farovonligi zarurligi qayd etilib, 1967 yilgi chegaralarga oid BMT Xavfsizlik Kengashining 242-rezolyutsiyasiga ishora qilingan. Shuningdek, AQSH xalqaro huquq va ikki davlatli yechim tamoyillari asosida xavfsiz Isroilni va “demilitarizatsiya qilingan” Falastin davlatini tan olishi lozimligi yozilgan.

Myorklining so‘zlariga ko‘ra, Falastin davlatini tan olish AQSHning nafaqat amaliy qadami, balki to‘g‘ri qarori bo‘ladi. U Amerika bu borada yetakchilik ko‘rsatishi shartligini ta’kidlagan. Senator, shuningdek, birinchi navbatda o‘t ochishni to‘xtatish, asirlarni ozod qilish va gumanitar yordam yetkazib berish zarurligini aytgan. Uning fikricha, kelajakda tinchlik va farovonlikka erishishning yagona yo‘li ikki davlat yechimidir va Falastin davlatini barpo etish maqsadini endi ortga surib bo‘lmaydi. Rezolyutsiyani Myorkli bilan bir qatorda demokrat senatorlar Kris Van Xollen, Tim Keyn, Piter Uelsh, Tina Smit, Temmi Bolduin, Meyzi Hirono hamda mustaqil senator Berni Sanders qo‘llab-quvvatlagan. Shu o‘rinda mustaqil senator Berniga to‘xtalsak. Ayni damda AQSHda yangi tarix yozayotgan va Trampning qo‘rqinchli tushiga aylangan 33 yoshli Zohran Mamdanini qo‘llab-quvvatlayotgan Sanders Isroilning G‘azodagi qirg‘inlariga qarshi bo‘lgan va uni o‘z nomi bilan, ya’ni genotsid deb ataydigan kam sonli AQSH siyosatchilardan biridir. Berni Sanders so‘nggi paytlarda Qo‘shma Shtatlarni bu nomaqbul ishdan qo‘l tortishga faol tarzda chaqirib kelmoqda.

Rossiya NATO chegaralarini ilma-teshik qilmoqda

Yuqorida ta’kidlanganidek, tez fursatlarda eski dunyo tartibidan asar ham qolmaydi. Oldin muhokama ham qilib bo‘lmaydigan va bosib bo‘lmas qizil chiziq hisoblangan tartiblar bugun internetda tarqalgan mem, ya’ni “po bolshe” va “po Polshe” so‘zlarini adashtirib qo‘yish ortidan ham buzilib ketmoqda. Albatta, bu hazil, ammo buning ortida bugun qanday tartibsiz dunyoda yashayotganimiz ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Bir necha yillar oldin Rossiya NATO chegarasini buzishi aqlga sig‘mas jarayondek ko‘rinardi. Ammo bugun bu odatiy holga aylandi. Dunyodagi eng kuchli yadro arsenaliga ega davlat va qudratli harbiy ittifoq orasida bunday jarayonlar sodir bo‘lishi butun sayyora uchun xavfli. Shunday bo‘lishiga qaramay, nachora, Rossiya so‘nggi 10 kun ichida bir emas, ikkita NATO davlatinining chegarasini buzdi. Birinchisi 10 sentyabrga o‘tar kechasi Polsha hududiga uchirib yuborilgan 20 ga yaqin dronlar edi. Uning ortidan NATO 4-moddasini harakatga keltirib, maslahatlashuvlar boshlanib ketdi. Alyans Polsha havo hududi buzilishini muhokama qilib o‘tirgan paytda Rossiya ikkinchi bor uning chegarasini yana qo‘pol tarzda buzdi. 19 sentyabr kuni Rossiyaning uchta MiG-31 qiruvchi samolyoti Vayndlo oroli yaqinidagi Finlyandiya ko‘rfazi orqali Estoniya havo hududiga ruxsatsiz kirib borgani va u yerda taxminan 12 daqiqa qolgani aytildi. Qayd etilishicha, samolyotda parvoz rejalari bo‘lmagan va ularning qabul qilingan signaliga javoban signal yuboruvchi uzatgichlari o‘chirilgan. Shuningdek, qoidabuzarlik vaqtida Estoniya havo harakatini boshqarish bilan ikki tomonlama radio aloqasi ham bo‘lmagan. Estoniya Tashqi ishlar vazirligi voqea yuzasidan darhol Rossiyaning Tallindagi Muvaqqat ishlar vakilini chaqirib, unga norozilik notasini topshirdi.
 
Putindan hafsalasi pir bo‘lganini joriy yil hisobiga o‘nlab marotaba aytgan AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiyaning Estoniya havo hududiga kirishiga munosabat bildirib, bu katta muammolarga olib kelishi mumkinligini aytdi. Tramp voqeaga nisbatan o‘zining har doimgi navbatchi so‘zlaridan foydalandi. Ya’ni unga ko‘ra, bunday holatlar unga yoqmaydi va bundan mamnun emas.

O‘zbeklar Ukrainada qul qilindi

Ukrainaning Kiyev viloyatida o‘ta og‘ir va qullik sharoitda majburiy mehnatga jalb qilinib, saqlanayotgan 13 nafar O‘zbekiston fuqarosi aniqlandi. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar berdi. Qayd etilishicha, Xitoy Xalq Respublikasining ikki nafar fuqarosi, bir nafar o‘zbekistonlik va bir nafar ukrainalik ayol qo‘lga olingan. Ular 13 nafar O‘zbekiston fuqarosini majburiy mehnatga jalb qilish maqsadida Ukrainaga olib kelishni tashkil etishda gumon qilinmoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar majburlash va aldov yo‘li bilan ijtimoiy jihatdan himoyasiz, uy-joyi va ishi bo‘lmagan, og‘ir moddiy ahvoldagi shaxslarni jalb qilgan. Jabrlanuvchilar chetdan qidirilgan va keyinchalik foyda olish maqsadida Kiyev viloyatiga majburiy mehnat uchun olib borilgan. Tutqunlarni nazorat qilish uchun zo‘ravonlik va erkinlikni cheklash usullaridan foydalanilgan. Odamlarni kamsitish darajasi shu qadar kuchli bo‘lganki, hattoki hojatxonaga borishga ham qat’iy jadval bo‘yicha ruxsat etilgan. Eng kichik qoidabuzarlik ham qattiq jazolangan.

Joriy yilning 17 sentyabr kuni Ukraina huquqni muhofaza qilish organlari gumonlanuvchilarning yashash joylari va xo‘jalik ob’ektlarida tintuv o‘tkazgan. Tekshiruv davomida 13 nafar O‘zbekiston fuqarosi og‘ir va g‘ayriinsoniy sharoitlarda saqlangan xonalar, hujjatlar, pul mablag‘lari va transport vositalari aniqlangan. To‘rt nafar qo‘lga olingan shaxsga nisbatan og‘ir jinoyat sodir etganlik bo‘yicha ayblov e’lon qilingan va ularga nisbatan ehtiyot chorasi qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilyapti. Ushbu holat yuzasidan O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Ukrainadagi elchixonasi vakillari voqea joyiga tashrif buyurgan. Ayni paytda barcha fuqarolarning sog‘-salomat ekani aniqlanib, ular davolanish uchun Kiyev viloyatidagi mahalliy shifoxonalardan biriga joylashtirilgan.

Elchixona tomonidan fuqarolar bilan bog‘liq vaziyat to‘liq nazoratga olingan bo‘lib, ularni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha barcha kerakli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi. Shu jumladan, huquqiy yordamni amalga oshirish maqsadida Ukraina TIV va Bosh prokurori ofisiga tegishli notalar yuborildi. Mazkur xolat yuzasidan jinoiy ish ochilib, gumonlanuvchilar ustidan sud jarayoni bo‘lib o‘tmoqda. Shuningdek, elchixona Ukrainada inson xayoti uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan holatlar kuzatilayotgani bois, O‘zbekiston fuqarolaridan o‘z xavfsizligini inobatga olgan holda mazkur mamlakatga ayni vaqtda tashriflarni rejalashtirmaslikni tavsiya qildi. 

Endi ma’lumot o‘rnida shuni ham qayd etib o‘tish joizki, bu holat Ukraina huquq-tartibot idoralari tashabbusi bilan aniqlangan va uning oldi olingan. Gumonlanuvchilar esa yuqorida qayd etilganidek, bir o‘zbek va ukrain hamda ikki nafar xitoylikdir. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, O‘zbekiston fuqarolari Kiyevda davlat darajasida qul qilinmagan yoki bundan rasmiy Kiyevga aloqador tuzilmalarning qo‘li yo‘q. Shu bois, bu ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetkazadigan jarayon emas, balki hozirgacha aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, fuqarolik masalasi bo‘lib turibdi.

Tramp dunyo liderlari bilan gaplashib olmoqda

Buyuk Britaniyaga monarx taklifi bilan tarixiy tashrifni amalga oshirgan AQSH Prezidenti hafta davomida yirik muloqotlarni o‘tkazdi. Biri oflayn, boshqasi esa telefon muloqoti bilan kechdi. 

Britaniyaga kelishi bilanoq Tramp issiq va sovuq dushni bir vaqtning o‘zida qabul qilishga majbur bo‘ldi. Uning pedofil Epshteyn bilan suratlari va raqslari qasrlarni bezagan bo‘lsa, Charlz III oilasi AQSH Prezidenti uchun o‘rta asrlardagidek shohona ziyofat tashkillashtirib berdi. Tramp tashrif davomida monarxni muhofazalovchi diplomatic protokollarni ham iloji boricha buzishga harakat qildi. U Charlz IIIning tanasiga teginish orqali bunday tartib qoidalar u uchun amal qilmasligiga ishora qildi. 

19 sentyabr kuni esa AQSH yetakchisi Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan juda samarali muzokara o‘tkazganini ma’lum qildi va ular ko‘plab masalalarda sezilarli yutuqlarga erishganini bildirdi. Tramp, shuningdek, Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammitida Xitoy rahbari bilan uchrashishga kelishilganini aytdi. Ularning muloqotida Trampning 2026 yil boshida Xitoyga qilinadigan tashrifi ham muhokama qilingan, Si Szinpin esa o‘ziga qulay vaqtda AQSHga javob tashrifi bilan borishga va’da bergan.

Endi esa u 25 sentyabr kuni Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashishini e’lon qildi. Trampning aytishicha, muzokaralarda samolyotlar savdosi va harbiy bitimlar muhokama qilinadi. Turkiya hukumati esa Erdo‘g‘anning samolyot savdosi bo‘yicha muzokara qilish uchun Tramp bilan uchrashishini oldinroq e’lon qilgan edi. OAVning tahmin qilishicha, davlat rahbarlari G‘azo va Suriyadagi masalalar bo‘yicha ham gaplashib olishi mumkin. Ammo shuni unutmaslik lozimki, Erdo‘g‘an va Tramp G‘azo bo‘yicha bir-biridan mutlaqo farq qiluvchi pozitsiyalarni egallaydi. 

“Tolibon” Trampga “chuchvarani xom sanamaslik”ni tavsiya qildi

Tinib-tinchimas Tramp 18 sentyabr kuni Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer bilan Londonda o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida Afg‘onistondagi Bagram aviabazasini qaytarib olish ustida ishlayotganini ma’lum qildi. Trampning aytishicha, Bagram dunyodagi eng yirik aviabaza hisoblanadi. U, shuningdek, AQSH bazani qaytarib olishga intilayotganining sababi Xitoy bilan bog‘liq ekanini ta’kidlagan. Trampga ko‘ra, Bagram Xitoyning yadroviy loyihasi joylashgan nuqtadan bir soatlik masofada joylashgani uchun ham AQSH uni qaytarib olishi zarur. Qo‘shma Shtatlar rahbari bu so‘zlari bilan Xitoyni ham sirtdan nazorat qilmoqchi ekanini ko‘rsatib qo‘ygan. Aslida, Tramp so‘nggi paytlarda Xitoyga nisbatan masofa saqlamoqda va uni ortiq o‘z yo‘rig‘iga yurgiza olmasligini anglagan. Bunga Xitoyning so‘nggi oylardagi bo‘ysunmaslik prinsipi, bojlarga qarata bosh egmaslik va AQSHga yaqin bo‘lmagan davlatlar bilan muloqotda bo‘lishi sabab bo‘lgan. 

Bagram mavzusiga qaytadigan bo‘lsak, bu 2001-2021 yillarda AQSH manfaatlariga xizmat qilgan. Bagram aerodromi AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaning eng yirik bazasi bo‘lgan. Biroq 2021 yilning yoz oyida baza “Tolibon” muvaqqat hukumatining qo‘liga o‘tishi bilan amerikalik harbiylar u yerni tark etishga majbur bo‘lgan. 2021 yilning 14 aprelida AQSHning 46-prezidenti Jo Bayden Afg‘onistondagi operatsiyani yakunlashini e’lon qilgan edi. Bu AQSH tarixidagi eng uzoq xorijdagi harbiy kampaniya bo‘lib, u 2001 yil oktyabrida boshlangan. Kampaniyaning eng yuqori cho‘qqisi payti 2010-2013 yillarga to‘g‘ri kelib, bu yillar oralig‘ida Afg‘nistondagi xalqaro kuchlar soni 150 mingdan oshgan. Eng asosiy AQSH va NATO bo‘linmalari 2014 yilda chiqib ketgan bo‘lsa, so‘nggi amerikalik askarlar 2021 yil sentyabr boshida Afg‘onistonni butunlay tark etgan. Ko‘pchilikka sir emas, Tramp AQSHning Afg‘onistondan chiqib ketishini eng katta yo‘qotish va sharmandali mag‘lubiyat deb hisoblaydi. Endi esa u ikkinchi bor Oq uyga qaytgach, AQSHni yana Afg‘onistonga qaytarmoqchi.

Biroq bu yerda endi yangi o‘yin qoidalari va o‘yinchilar bor. “Tolibon” matbuot kotibi Zabihullo Mujohid Trampga buni darhol, jiddiy ohangda yetkazib qo‘ydi. Unga ko‘ra, “Tolibon” AQSHga Bagram aviabazasi ustidan nazoratni qaytarib bermaydi. Shuningdek, Qobul Vashington bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarni “o‘zaro hurmat va umumiy manfaatlar” asosida rivojlantirishga tayyor, biroq “Afg‘oniston hech qachon o‘z hududida begonalarning harbiy mavjudligini qabul qilmaydi”. Zabihulloh Tramp Bagramni uzog‘i bilan faqat tushidagina qaytarib olishi mumkinligini aytdi. 

“Biz amerikaliklarni islomiy amirlikdan haydab chiqardik va ularning mamlakatimizda mavjud bo‘lishiga rozi bo‘lmaymiz. Ular o‘n yillar davomida bizga hujum qildi, urush olib bordi, biz esa bu yerda hech qanday amerikaliklarning borligiga toqat qilmaymiz”, degan Mujohid. 

Shu bilan birga, Vashingtondagi Osiyo bo‘yicha ekspert Maykl Kugelman “Tolibon” rahbariyati AQSH bilan munosabatlarni normallashtirishga intilayotgani va bunga erishish uchun ayrim yon berishlarga ham tayyor ekanini aytgandi. Biroq uning qat’iy “qizil chiziqlari” bor, ulardan biri – aynan Bagram masalasi. “Tolibon” doimo va izchil tarzda o‘z hududida AQSHning harbiy mavjudligi bilan bog‘liq barcha takliflarni rad etib kelmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston AQSh NATO Rossiya Turkiya Buyuk Britaniya Donal'd Tramp Xitoy Estoniya Rajab Toyib Erdo'g'an Tolibon Ukraina Si Tszin'pin Charl'z III Kir Starmer Bagram aviabazasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing